Joriy yilning 22 aprel kuni «Tashkent Law Spring» II xalqaro yuridik forumiga start berildi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar bermoqda.
Mazkur forum ikkinchi bor Adliya vazirligi tomonidan asosiy hamkorlar — BMTTD, EXHT va qator boshqa Xalqaro tashkilotlar ko`magida o`tkazilmoqda. Yuzaga kelgan sharoitlarni hisobga olgan holda joriy yilda forum yangi, ta`bir joiz bo`lsa gibrid formatda xorijiy mehmonlarining masofaviy, milliy ekspertlarning bevosita ishtirokida o`tmoqda.
Forumning bosh mavzusi bo`lgan «Huquq 4.0» (huquq to`rtinchi sanoat inqilobi sharoitida)ning dolzarbligini ifoda etadi.
Butunjahon iqtisodiy forumi prognoziga ko`ra, To`rtinchi sanoat inqilobining aksariyat texnologiyalaridan 2027 yilga kelib kundalik hayotda foydalaniladi, biroq Covid-19 pandemiyasi bu jarayonni sezilarli ravishda jadallashtirdi. Bunday sharoitlarda yuristlar oldida huquqiy institutlar va vositalarini jadal o`zgarib borayotgan yangi muhitga moslashtirishdek muhim vazifa turibdi. Bu nafaqat moslashtirish, balki qonunchilikning kelajakdagi o`zgarishlarga tayyorligini ta`minlashni talab qiladi. Bu jarayonda esa insonning fundamental huquqlarga jiddiy rioya qilish kerakligini anglatadi.
Huquq sohasida raqamlashtirish ta`siri ostida ro`y berayotgan tendensiyalarni aniqlash, huquq, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, davlat boshqaruvi tizimining yanada rivojlanishini prognozlash zarurati muhim ahamiyat kasb etadi.
Yalpi yig`ilishda so`zga chiqqan adliya vaziri Ruslanbek Davletov ilmiy-texnikaviy taraqqayot yutuqlari zamonaviy xayotning deyarli barcha sohalari, jumladan qonun ijodkorligi sohasini ham chetlab o`tmaganini qayd etdi. Xususan, O`zbekistonda raqamli texnologiyalardan foydalanish me`yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning Yagona elektron tizimini yaratish imkonini berdi. Birgina 2020 yilning o`zida mazkur tizim orqali elektron shaklda mingdan ortiq loyiha kelishilgan. Yaqin o`n yilliklarda qonun ijodkorligini yangi texnologiyalarga moslashtirish tezligi milliy yurisdiksiyalar raqobatbardoshligini ta`minlashning muhim jihatiga aylanadi.
Shuningdek spikerlarning fikricha, raqamli platformalar davlat va jamiyat virtual muloqotining yangi muhitini shakllantiradi.Ko`pincha o`zaro hamkorlik ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshiriladi. Amaliyot shuni ko`rsatmoqdaki, O`zbekistondahokimiyatning fuqarolar bilan muloqotining eng qulay shakli — mobil ilovalar yo`lga qo`yilgan. Mazkur yo`nalishda ko`rinmas davlat konsepsiyasining ulkan salohiyati mujassam bo`lib, uning yordamida onlayn rejimda davlat bilan bog`liq har qanday masalani echish mumkin.
Zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish davlat organlarining ochiqlik va shaffofligi, fuqarolarning davlat boshqaruvi sifatidan qoniqish darajasini oshirish, shuningdek korrupsiyaviy xatarlar va yashirin iqtisodiyot ulushini tubdan qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda dunyo mamlakatlari oldida insonlar hayotiga yangi texnologiyalar joriy etilishi munosabati bilan qator xatarlar turibdi. Xususan, O`zbekiston uchun elektron tijoratni rivojlantirish va mazkur sohadagi daromadlarni qonuniylashtirish, er uchastkalarini onlayn auksionlar va tanlovlar yordamida ajratish tartib-taomillarini takomillashtirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida raqamli texnologiyalarni qo`llash orqali mehnat unumdorligini oshirish, qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari faoliyatiga ma`muriy aralashuvi to`liq bartaraf etish, agrar sektorida qo`shilgan qiymat zanjirini yaratish va boshqa masalalar dolzarb hisoblanadi.
Ta`kidlanganidek, to`rtinchi sanoat inqilobi sharoitida huquqiy institutlarga yangicha nazar bilan boqish va an`anaviy huquqiy mexanizmlarni yangi voqeliklarga izchil moslashtirish zarur.
«Tashkent Law Spring» xalqaro yuridik forumi etakchi xalqaro va milliy ekspertlar ishtirokida zamonaviy tendensiyalarni muhokama qilish va huquqni yanada rivojlantirish bo`yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek xalqaro hamjamiyatni O`zbekistonda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar to`g`risida xabardor qilish uchun o`ziga xos maydoncha vazifasini o`taydi.
Forum ishida O`zbekiston va qator xorijiy mamlakatlar adliya vazirlari ishtirok etmoqda. Xususan, yalpi yig`ilish va muhokama sessiyalarida
Singapur adliya vaziri Kasivisvanatan Shanmugan, Rossiya adliya vaziri Konstantin Chuychenko, Buyuk Britaniya adliya vaziri Lord Devid Volfson, Yaponiya adliya vaziri Yoko Kamikava, Koreya Respublikasi hukumat qonunchiligi vaziri Li Kan-Sop, Qozog`iston adliya vaziri Marat Beketaev, Ozarbayjon adliya vaziri Fikret Farrux o`g`li Mamedov, Belarus adliya vaziri Oleg Slijevskiy, Shri-Lanka adliya vaziri Ali Sabri va boshqalar so`zga chiqadi.
Umuman olganda tashkentlawspring.uz saytida dunyoning 25 ta mamlakati shuningdek, 20 ta xalqaro tashkilot, sud va boshqa davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, etakchi yuridik hamda konsalting firmalar rahbarlari va vakillari, advokatlar, yurisprudensiya, xalqaro huquq va iqtisodiyot sohalaridagi taniqli olimlar, mutaxassislar va ekspertlar ro`yxatdan o`tgan.
Forum doirasida davlat huquqiy siyosati, davlat organlari ochiqligini ta`minlash, LegalTech va LawTech (huquq texnologiyalari), umumiy (ingliz) huquq, koronavirus pandemiyasi bilan bog`lik cheklovlar sharoitida mediasiya va arbitraj, intellektual mulk himoyasi, davlat siyosatini amalga oshirish (Policy Implementation), raqamlashtirish davrida sud hokimiyatining mustaqilligi, adolatliligi va xolisligini ta`minlash va boshqa dolzarb mavzularda sessiyalar o`tkazilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga forum doirasida «Davlat xizmatlari sohasidagi eng yaxshi amaliyot», «Raqamli muhitda huquqiy axborot tarqatish istiqbollari», «Elektron notariat», «Advokaturani rivojlantirish va fuqarolik jamiyatini takomillashtirish» kabi mavzularda davra suhbatlari o`tkaziladi.
Bundan tashqari, "Ma`lumotlar va axborotni boshqarish" mavzusida mahorat darsi o`tkazilishi rejalashtirilgan.
Forumning asosiy tili o`zbek tili hisoblanib, rus va ingliz tillariga sinxron tarjima amalga oshiriladi.






