Ellikqal`a tumani «Ellikqal`a» OFYda istiqomat qiluvchi Ahmad Niyazimbetovga tegishli qo`radagi 440 bosh qo`y-qo`zilari va echki-ulog`i bilan yonib ketgani xaqida xabar bergan edik.
Ta`kidlanishicha, holat 22 mart kuni sodir bo`lgan. Qo`y-echkilarning yonib ketish sabablari noma`lumligi aytilmoqda.
Tuman IIBga ko`ra, voqea 22 martdan 23 mart kuniga o`tar kechasi sodir bo`lgan. Yong`in chiqqan hudud qumlik orasidagi do`nglikda joylashgan. 1-1,5 metr balandlikda yog`och va simlar bilan o`rab yasalgan qo`y qo`ra ichida boqib kelayotgan 250 bosh qo`y-qo`zilari va echki-uloqlari yonib ketgan.
Yong`in sodir bo`lgan kuni Ahmad Niyazimbetov qo`y va echkilarini beruniylik Ongarov Umirzokqa ko`z quloq bo`lib, boqish uchun topshirgan. O`sha vaqtda u yong`in kelib chiqqan qo`y qo`radan taxminan 15-20 metr chamasidagi uzoqlikda joylashgan ko`chma vagon ichida yolg`iz o`zi bo`lgan.
Voqea joyi ko`zdan kechirilganida ko`chma vagon ichkarisida isinish va ovqat pishirish uchun o`choq borligi aniqlangan. Shu kuni unda o`t yoqilgan, deyiladi Ellikqal`a tumani ichki ishlar bo`limi xabarida.
Hozirda Ahmad Niyazimbetovning yaqin qarindoshlari, uning do`stlari, yong`in kelib chiqqan qo`y qo`raga yaqin masofada yashovchi fuqarolar hamda muqaddam sudlangan shaxslar bilan operativ surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Ellikqal`a tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.