2021 yilning 14 aprel kuni Toshloq tumani Toshloq mahallasida yashovchi 39 yoshli D.Mansurjon Farg`ona viloyat IIB ga “102” qisqa raqami orqali murojaat qilib, unda shu kuni soat 09:00 larda uyining oldida qoldirgan davlat raqami bo`lmagan qora rangli, “Gentra” rusumli avtomashinasini noma`lum shaxslar tomonidan olib qochilganligini ma`lum qilgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari davomida, D.Mansurjonni avtomashinasi olib qochib ketilmaganligi, balki u fuqaro I.Boburdan “Gentra” rusumli avtomashinasini sotib olib, nomiga rasmiylashtirib, avtomashinani shu kunga qadar I.Boburdan o`zining egaligiga ololmayotganligi tufayli, avtomashinani boshqa yo`llar bilan olish maqsadida, IIBga yolg`on xabar berganligi aniqlanib, I.Boburdan “Gentra” rusumli avtomashina ashyoviy daliliy tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Toshloq tuman IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan D.Mansurjonga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 237-moddasi 1-qismi (Yolg`on xabar berish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ta`kidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksi normalariga ko`ra, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.






