Farg`ona viloyati Buvayda tumanida 14 aprel kuni 9 yoshli qizning boshiga urib, kanalga tashlab yuborgan ayol ushlangani haqida xabar berilgan edi.
Buni ko`rib qolib, qizchani qutqarib qolgan Buvayda tumanining 2-umumta`lim maktabi, 9-sinf o`quvchisi Shuhrat Yangievning aytishicha, u voqea sodir bo`lgan kuni otasiga qarashish uchun dalaga keladi. Tushlik vaqtida biroz toliqqan Shuhrat zovur yonida dam olish uchun o`tiradi. Shunda bir ayol farzandi bilan kanal yoniga kelib sayr qilayotgani, so`ngra qizchani kanalga uloqtirib o`zi tezlik bilan avtomobilga o`tirib ketganini ko`radi.
Aniqlanishicha, fuqaro turmush o`rtog`ini, u bilan shar`iy nikoh asosida yashab kelayotgan ayoldan rashk qilgan. Kundoshidan o`ch olish maqsadida uning 2012 yilda tug`ilgan voyaga etmagan qizini maktabdan aldab, “Oyimtarra” kanali yaqiniga olib kelib, uni qasddan o`ldirish maqsadida noma`lum jism bilan bosh sohasiga urib, kanalga tashlab yuborgan.
Bu voqeani ko`rgan Shuhrat Yangiev o`ylab ham o`tirmay o`zini suvga tashlab qizaloqni suvdan qutqarib oladi va mazkur holat to`g`risida o`z vaqtida tuman IIBga xabar qilgan. O`zining insoniylik burchini a`lo darajada bajarganligi uchun buvaydalik Shuhrat Yangiev viloyat prokuraturasi hamda ichki ishlar borqamasining tashakkurnoma va qimmatbaho sovg`alari bilan taqdirlandi.
Shu o`rinda bir mulohaza. Bizningcha juda yosh bo`lishiga qaramay yuksak jasorat namunasi va faol fuqarolik pozisiyasini namoyon etgan Shuhratjonni butun Farg`ona, kerak bo`lsa O`zbekiston bo`ylab qahramon qilib ko`rsatishimiz zarur. U hali sovuqning zahri ketmagan shu kunlarda muzday suvning ichidan bir insonni qutqarib, hatto o`z hayotini xavf ostiga qo`yib, chin o`zbek yigitining mardligini ko`rsatdi. Eng muhimi, mudxish bir jinoyatning oldini oldi. Shuhrat Yangievni shaxsan viloyat hokimi va Xalq ta`limi vaziri yo`qlab, unga oddiy bir sovg`alar emas, kerak bo`lsa avtomashina yoki bir uy sovg`a qilsalar ham kam. U ijtimoiy tarmoqlarning nomini aytgimiz kelmadi-yu, ammo odamning asabini buzadigan va ensasini qotiradigan masxaromuz bir bema`ni qiliqlarni qilgani uchun “QAHRAMON”ga aylanib qimmatbaho sovg`alar olayotgan ayrim yigit-qizlardan ko`ra Shuhratjonning ishi haqiqiy qahramonlik emasmi? Bizning-jurnalist va blogerlarning (negadir ular jim turishibdi) vazifasi esa, ana shunday mard o`zbek yigiti jasorati haqida butun dunyoga jar solishdir. Afsuski, 8 kun o`tdi hamki, unday emas... Shuhratjon, otangizga rahmat!
Ahror Ziyatov, Farg`onadan maxsus tayyorlandi






