2021 yilning birinchi choragida tez tibbiy yordam xizmatiga 2 million 709 ming 135 ta chaqriq kelib tushdi. Afsuski, ularning 1 ming 874 tasi asossiz chaqiriqlardan iborat, deya xabar qildi SSV Axborot xizmati.
Raqamlarga ko`ra, o`tgan 2020 yilda yurtimiz aholisi tomonidan “103” xizmatiga 11 million chaqiriq kelib tushgan bo`lsa, 2021 yilning birinchi choragiga kelib, bu ko`rsatkich 2 million 709 ming 135 tani tashkil etdi.
Shundan Farg`ona, Andijon viloyatlarida 300 mingdan ziyod, Toshkent, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari hamda poytaxtimizda esa 200 mingdan ortiq chaqiriqlar qayd etildi.
Ma`lumot o`rnida aytish lozimki, o`tgan yilning ayni shu davriga kelib, yurtdoshlarimiz tomonidan tez tibbiy yordam xizmatiga 3 milliondan ziyod chaqiriq kelib tushgan edi. Buni esa 2020 yildagi pandemiya sharoiti bilan bog`lash o`rinli. Boisi, karantin davrida “COVID-19” infeksiyasini yuqtirish xavfi tufayli uydan chiqishni istamagan fuqarolarning aksariyati “tez yordam”ga qo`ng`iroq qilgan.
Ta`kidlash lozimki, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan zamonaviy sharoitlarga qaramay, sohada echimini kutayotgan muammolar, hal etilishi zarur bo`lgan masalalar ham yo`q emas. Misol uchun, ba`zan tez tibbiy xizmat xodimlari yordamga muhtoj bemor oldiga o`z vaqtida etib bora olmagan holatlar kuzatiladi.
Xo`sh, “103” xizmati zarur xodimlar, zamonaviy hamda barcha zarur tibbiy jihozlarga ega ixtisoslashgan avtotransport vositalari bilan to`liq ta`minlangan bo`lsa-yu, nega “tez yordam” xizmati kechikmoqda?
Bunga asosiy sabab sifatida fuqarolar tomonidan bo`ladigan asossiz chaqiriqlarni keltirib o`tish mumkin. Asossiz chaqiriqlarga manzili aniq ko`rsatmaslik, etib borganda eshik ochmaslik yoki bemorning joyida bo`lmasligi, chaqiriqni rad etish kabi holatlar kiradi.
Bu boradagi raqamlarni tahlil qilsak, 2021 yilning birinchi choragida fuqarolar tomonidan tez tibbiy yordam xizmatiga 2 mingga yaqin asossiz chaqiriq kelib tushgan.
Bunday chaqiriqlarning eng ko`pi
- Surxondaryo viloyatida qayd etilib, bu raqam 497 tani tashkil qildi. Shuningdek:
- Farg`ona viloyatida 387 ta,
- Toshkent viloyatida 249 ta,
- Qashqadaryo viloyatida esa 204 ta asossiz chaqiriq tez tibbiy yordam xizmatiga kelib tushdi.
Ma`lumot o`rnida aytib o`tish joizki, 2020 yilning ayni shu davrida 3 mingga yaqin asossiz chaqiriq qayd etilgan.
To`g`ri, aholimizning tibbiy savodxonligi, shaxsiy mas`uliyati ortishi natijasida bu raqamlar yildan yilga kamayib bormoqda. Biroq har bir asossiz chaqiriq tufayli o`sha vaqtda boshqa bir insonning hayoti xavf ostida qolishi mumkinligini barchamiz yodda tutmog`imiz zarur.






