AsosiyJamiyat

Bosh prokuror o`tkazgan yig`ilishdan qator bank mulozimlari studiyalardan namoyishkorona olib chiqib ketildi

'Bosh prokuror o`tkazgan yig`ilishdan qator bank mulozimlari studiyalardan namoyishkorona olib chiqib ketildi'ning rasmi

21 aprel, chorshanba kuni bosh prokuror Nig`matilla Yo`ldoshev banklarda korrupsiya holatlari muhokamasiga bag`ishlab videoselektor yig`ilishi o`tkazgan.

Kun.uzga ko`ra, yig`ilishda ayrim banklarning filial boshqaruvchilari korrupsiya holatlariga yo`l qo`yib bergani uchun keskin tanqid qilingan va ularga nisbatan qat`iy choralar ko`rish bo`yicha topshiriq berilgan.

Selektorda videoaloqa orqali qatnashayotgan hududiy bank boshqaruvchilaridan bir nechtasi yig`ilish vaqtida studiyalardan olib chiqib ketilgan.

22 aprel kungi matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodovdan shu haqda izoh so`raldi.

«O`sha yig`ilishda men ham qatnashgan edim, lekin bank xodimlari chiqarib yuborilganini ko`rmadim. Haqiqatan, yig`ilish tanqidiy ruhda o`tdi. Hukumat darajasida komplaens – bank tizimidagi korrupsiyaga qarshi va tamagarlik holatlarining oldini olish bo`yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqyapmiz.

Yig`ilishda bank tizimidagi korrupsion holatlarni cheklash, oldini olish bo`yicha qilishimiz kerak bo`lgan ishlar muhokamasi bo`ldi. Korrupsiya holatlari bo`lgan faktlar keltirildi va banklar o`z izohini berdi, lekin hech kim chiqib ketganini o`sha erda o`tirib kuzatganim yo`q», – dedi Nurmurodov.

Markaziy bank raisi matbuot anjumanidan keyin bosh prokuror o`tkazgan videoselektorda 15-20 daqiqa qatnashgani, bu vaqt davomida bank boshqaruvchilari olib chiqib ketilishi holati ro`y bermaganini aytdi.

Nurmurodov, shuningdek, bank xodimlarining olib chiqib ketilganiga oid ma`lumotga oydinlik kiritishini qo`shimcha qildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov videoselektor yig`ilishidan bank xodimlari olib chiqib ketilgani haqida ma`lumotga ega emasligini bildirdi.

Bir nechta manbaga ko`ra, olib chiqib ketilgan bank boshqaruvchilari korrupsiyada, xususan imtiyozli kreditlarni tanish-bilishchilik va qarindosh-urug`chilik asosida berganlikda ayblanib keskin tanqid qilingan.

    Boshqa yangiliklar