Oliy Majlis Senatining kechagi yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboeva parlament uchun birinchi galdagi muhim malasi – bu byudjet masalasi ekanini qayd etdi. Bu sohada talon-torojliklarga chek qo`yish kerak, dedi deya xabar berdi Senat Axborot xizmati.
- O`tgan yilda 2,5 mingdan ziyod byudjet muassasasida 301 milliard so`mdan ortiq byudjet mablag`lari talon-taroj qilingan, - dedi Senat raisi. - Narxlarni sun`iy oshirish orqali davlat xaridlarini amalga oshirish holatlari aniqlanganligi tashvishli hol. Korrupsiyaga qo`l urgan mansabdor shaxslar soni ko`payib borayotgani (2019 yilda 1 ming 339 nafar, 2020 yilda 1 ming 723 nafar) mazkur illatga qarshi kurashishni yanada kuchaytirishni taqozo etadi.
Kuni kecha Prezidentimiz rahbarligida xizmat ko`rsatish sohasini rivojlantirish masalalari bo`yicha bo`lib o`tgan videoselektor yig`ilishida ham bu boradagi jiddiy kamchiliklar ko`rsatib o`tildi. Ayniqsa, qurilish, tibbiyot, maktabgacha ta`lim sohalarida korrupsiya holatlari ko`paygani ta`kidlandi.
Tahlillarga ko`ra, qurilish sohasidagi 44 qonun hujjati ekspertizadan o`tkazilganda, ularning yarmida (23 tasida) 124 ta; sog`liqni saqlash sohasidagi 70 qonun hujjatining 19 foizida (13 tasida) 41 ta; Ta`lim sohasidagi 96 qonun hujjatining 18 foizida (17 tasida) 81 korrupsiyaviy omillar aniqlangan.
T.Norboeva shulardan kelib chiqib, prokuratura mazkur yo`nalishdagi ishlarda ta`sirchan va qat`iy choralar qo`llashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga aniq takliflar kiritishi zarurligini ta`kidladi.
Majlisda tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash borasida joylardagi mutasaddilar mas`uliyatni to`la xis qilmayotgani tanqid qilindi. Zero, mazkur sub`ektlar davlat byudjetini ko`paytirishda, xalq farovonligini oshirishda hal qiluvchi bo`g`indir.
Xususan, 5 ming 200 dan ziyod tadbirkor huquqlari buzilgan. Tadbirkorolar manfaatlariga zid keluvchi 350 dan ziyod noqonuniy hujjat chiqarilgan. 24 mingga yaqin tadbirkorning turli yo`nalishlardagi (kredit, er, bino, kommunikasiya, lisenziya) muammolari faqatgina prokuratura organlarining aralushuvidan keyin hal qilingan.
Qishloq xo`jaligida erdan samarali foydalanishga etarlicha e`tibor qaratilmaganligi oqibatida 10 ming gektardan ziyod er o`zboshimchalik bilan egallangan. Qariyb 14 ming gektar erdan maqsadsiz foydalanilgan.
78 ming gektardan ziyod er qonunga xilof tarzda ajratilgan. Minglab tonna urug`lik, mineral o`g`it, neft mahsulotlari va boshqa resurslar noqonuniy egallangan.
2019 yilda irrigasiya, meliorasiya tadbirlari uchun ajratilgan 1,7 milliard so`m mablag` talon-toroj qilingan bo`lsa, o`tgan yilda bunday talon-torojliklar qariyb o`n barobarga oshib, 16 milliard so`mni tashkil etgan. Mazkur yo`nalishda 2019 yilda 92 ta jinoyat aniqlangan bo`lsa, o`tgan yilda bu raqam qariyb to`rt barobarga oshib, 359 tani tashkil etgan.
Senat majlisida shu kabi kamchiliklarni bartaraf etish, kegusida yo`l qo`ymaslik bo`yicha topshiriqlar berildi.






