AsosiyJamiyat

Doniyor G`aniev: "Deputatlarimizda ham g`urur, millat va ona tilga bo`lgan muhabbat hislari uyg`onib qolar"

'Doniyor G`aniev: "Deputatlarimizda ham g`urur, millat va ona tilga bo`lgan muhabbat hislari uyg`onib qolar"'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, kecha, “Davlat tili to`g`risida”gi qonun loyihasining 2-o`qish muhokamasi davom etib, loyiha moddama-modda ko`rib chiqildi. Keskin muhokamalarga sabab bo`lgan qonun loyihasining 12-moddasiga qo`mita bergan taklif ham, fraksiya bergan taklif ham qabul qilinmadi.

Deputat Doniyor G`aniev keyingi muhokama jarayoniga qadar deputatlarda ham  g`urur, millat va ona tilga bo`lgan muhabbat hislari uyg`onib qolishiga umid qilmoqda. 

"Garchi muhokamalar jarayonida davlat tili himoyasi yuzasidan bildirgan keskin va qat`iy fikrlarim ko`pchilikka yoqmagan bo`lsa-da, lekin qonun loyihasini takomillashtirish bo`yicha o`zimning bir qator takliflarimni qonun loyihasida aks ettirishga erishdim. Jumladan, qonun loyihasining nomi, davlat organlaridan boshqa tashkilotlarda ham ish yuritish davlat tilida olib borilishi, rasmiy qabul va boshqa tadbirlar faqat davlat tilida o`tkazilishi kabi asosiy takliflarim qabul qilindi.  

Lekin shu bilan birga, afsuski loyihaning 12-moddasi yuzasidan yakuniy kelishuvga erisholmadik. Qo`mita taklifiga ko`ra, davlat organlariga murojaatlar davlat tilidan boshqa tillarda ham qilinishi mumkinligi hamda murojaatlarga javob mumkin qadar murojaat qilingan tilida qilinishi belgilangan.

Tabiiyki, men bu normaga qat`iy qarshiman. Chunki davlat tili o`z nomi bilan davlatning fuqarolar bilan rasmiy muloqot tili bo`lishi kerak.  

Fuqarolarning o`zaro shaxsiy muloqot tilini erkin tanlash huquqini kafolatlash bilan bir qatorda ularning davlat organlari bilan rasmiy muloqoti davlat tilida bo`lishi muhim. Aks holda davlat tilini tushunish va o`rganish ehtiyoji hech qachon yaratilmaydi. Davlat tilidan kundalik hayotda foydalanishda ehtiyoj yaratilmas ekan, iste`molda u xuddi hozirgi kabi doimo ikkinchi darajali til bo`lib qolaveradi.  

Muhokama davomida aytilgan fikrlar va tortishuvlar, shuningdek, yig`ilish oldi deputatlar orasida qilingan targ`ibot va muzokaralarga qaramay, ming afsuski etarli sondagi deputatlarni biz ilgari surgan taklifni ma`qullashga ko`ndirolmadik. Lekin qo`mita taklif etgan tahrir ham etarli ovoz ololmadi. Demak, hali umid bor. Balki keyingi yalpi yig`ilishga qadar boshqa deputatlarimizda ham g`urur, millat va ona tilga bo`lgan muhabbat hislari uyg`onib qolar.  

Garchi qonun loyihasida asosiy takliflarim qabul qilingan bo`lsa-da, lekin qonunning amaliyotda tadbiq etilishi va uning ijrosi ta`minlanishi meni xavotirga solmoqda. Chunki, qonunchiligimizda davlat tili to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzishga oid holatlarni aniqlash, oldini olish, nazorat qilish va ma`muriy bayonnomalarni tuzishning aniq mexanizmlari ishlab chiqilmagan.  

MJtKning 42-moddasida davlat tilini mensimaslik ma`muriy javobgarlikka sabab bo`lishi belgilangan bo`lsa-da, lekin amaldagi tartibga ko`ra, davlat tili to`g`risidagi qonunga rioya etilishi ustidan nazorat etish, aniqlangan qonun buzilish holatlari yuzasidan ma`muriy yoki intizomiy javobgarlik to`g`risida ish qo`zg`atish faqatgina prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladi. 

Prokurorlarning nazorat predmet doirasi kengligi va ish hajmining kattaligi inobatga olinsa, amaliyotda davlat tiliga oid qonun hujjatlari buzilish holatlarini aniqlash yoki qonun buzilayotganligi to`g`risidagi shikoyatlarni o`rganish prokurorlar ish rejasining oxirida qolib ketishi aniq. Birgina oxirgi 4 yil davomida bu turdagi ma`muriy javobgarliklar soni atiga bir nechtani tashkil etgani, o`ylashimcha, fikrimni tasdiqlaydi.  

Shu bois, davlat tiliga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan samarali nazorat o`rnatishni ta`minlash maqsadida aniqlangan qonun buzilishlari bo`yicha ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risida bayonnoma tuzish vakolati aniq bir vakolatli organga yuklatilishi muhim. MJtKga tegishli o`zgartirishlar kiritish orqali davlat tilida ish yuritish talablarini buzganlik holatlari aniqlangan taqdirda, deylik, Adliya vazirligi (yoki boshqa tegishli vakolatli organ) mansabdor shaxslari tomonidan ma`muriy bayonnoma tuzilib, sudga yuborish tartibi belgilanishi lozim.", - deya mulohaza qilgan deputat. 

 

 

    Boshqa yangiliklar