Namangan shahar, Quyi Rovuston MFY, Axsi ko`chasi 30-uyda yashovchi M.Qirg`izboeva 2021 yil 14-aprel kuni To`raqo`rg`on tuman IIB boshlig`i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda 2021 yil 12 aprel kuni kuyovi A.Xudayberdiev yashash xonadonida rashk sababli qizi U.Xolboevani urib tan jarohati etkazganligini ma`lum qilib, A.Xudayberdievga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
Mazkur holat yuzasidan 14.04.2021 yilda tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlanib, fuqaro U.Xolbaevani tan jarohati olganligi holati yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan, deb xabar bermoqda Namangan viloyati prokuraturasi.
RSTEIAM To`raqo`rg`on tumanlararo bo`linmasining 23.04.2021 yildagi 634/470-sonli xulosasiga ko`ra, fuqaro U.Xolboeva badanidagi tan jarohatlarini ayrimlari 10-15 sutka avval, ayrimlari 2-3 sutka oldin qattiq o`tmas buyum ta`siridan, shuningdek arqon ta`siridan ham kelib chiqqanligi inkor etilmasligi, ushbu jarohatlar og`irlik darajasi bo`yicha sog`lig`ini buzilishiga sababchi bo`lgan engil tan jarohatlari turkumiga kirishi ko`rsatilgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, oilaviy janjal kelib chiqishiga A.Xudayberdievning sha`riy turmush o`rtog`i U.Xolboevani rashq qilishi, unga ishonmasligi, muttasil uni qiynab, o`zining yashash xonadonida urib-do`pposlab kelishi sabab bo`lgani aniqlangan va bu haqida tegishli ko`rsatuvlar olingan.
Mazkur holat bo`yicha To`raqo`rg`on tuman IIB huzuridagi tergov bo`linmasi tomonidan fuqaro Xudayberdiev Abdulbori Abdurashidovichga nisbatan 24.04.2021 yilda JKning 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Tergov davomida, fuqaro A.Xudoyberdievga nisbatan 27.04.2021 yilda JKning 109-moddasi 2-qismi va 110-moddasi 1-qismi bilan himoya huquqlari to`liq ta`minlangan holda gumon e`lon qilinib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlandi.






