Inson qalbi ma`rifat bilan go`zaldir. Kishi bu azaliy qoidani chetlab, jaholatga yuz bursa, nafsu havoga berilganini sezmaydi. O`zining tor va mayda manfaatlarini o`ylaydigan kimsalarga aylanadi. Oqibatda taqdirning to`qmog`idan pand egani qoladi. Bunday balo-yu qazolardan himoyalanish uchun el-u yurt koriga yarashni e`tiqod qilib olmoq talab etiladi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Uchtepa tuman sudiga turli qismat egalari kelib ketgan. Lekin ular orasida shunday insonlar borki, bila turib jinoyaga qo`l urgan. Salim (ism o`zgartirilgan) ana shu toifadan bo`lib chiqdi.
Keling, yaxshisi uning qilmishi bilan qisqacha tanishib, keyin fikrlarimizga xulosa ayta qolaylik. Jinoyatga sabab bo`lgan voqea shuki, Salim Zangiota tumanidagi kafelarning biriga qovurilgan baliqlar iste`mol qilishga boradi. Baliqdan to`yguncha tanovul qilib, uyiga ketish uchun katta ko`cha tomon piyoda yuradi. So`qmoq yo`llarni tanlagan shekilli, uning aytishicha yo`l bo`yida dalani chetida o`sib turgan bir necha “nasha” o`simliklarini ko`rib qoladi. Undan kerakli miqdorda oladida giyohvandlik vositasini bir dona 5 ming so`mlik kupyuraga o`rab, cho`ntagiga soladi. Shu tariqa Uchtepa tumaniga bamaylixotir kirib keladi. Yashirib olib kelgan og`uni uyning erto`lasiga yashirib qo`yadi. Maqsadi keyinchalik uni iste`mol qilish bo`lgan ekan.
Lekin u oradan 5-6 kun o`tib, bangilik qiladi. Nashani chekib oladida mahallasidagi do`stlariga qo`ng`iroq qilib, uchrashuvga chaqiradi. Kayfi taroq yigit do`konga borganida qovun tushirib qo`yadi. U o`zi bilan nasha olib yurganini do`kondagi xaridorlardan biri payqab qoladi. Lekin osmonda parvoz qilib yurgan bangi buni sezmaydi. U do`stlarini kutayotgandi, oradan biroz vaqt o`tib ular bilan ko`rishadi. Lekin ularning ortidan huquq-tartibot xodimlari ham uning “holidan xabar olgani” etib kelishadi.
Bangixayol yigitning ruhiy dunyosi kemtik ekanligi uni qonun oldida javob berishga majbur qildi. Calimga JK 276-moddasining 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari, ya`ni 2.230.000 so`m jarima jazosi tayinlandi.
Qilmish-qidirmish, deb Salimga o`xshagan insonlarga nisbatan aytilishi bejiz emas. Uning bosgan qadami esa boshqalarga saboq bo`lsa ajabmas.
Bolat SULTANOV, jinoyat ishlari bo`yicha Uchtepa tuman sudining sudyasi






