Xabaringiz bor, 21 aprel kuni Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida A-378 «Samarqand—G`uzor» yo`lidan Samarqand tomon harakatlanib kelayotgan Isuzu yuk mashinasi piyodalar yo`lakchasi orqali yo`lni kesib o`tayotgan bolani urib yuborgan. Ma`lum bo`lishicha, bola mazkur maktabga tayyorlov guruhiga qatnayotganda piyodalar yo`lakchasidan yo`lni kesib o`tayotgan vaqtda YTHda halok bo`lgan. Shundan so`ng holatdan norozi ayollar katta ko`chaga chiqib, norozilik uyushtirgan.
Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari Ibrohim Jo`raev ushbu hududda bo`lib holatni o`rgandi, deya xabar bermoqda vazirlik Matbuot xizmati.
Aytish joizki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yilning 12-13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida ajratilgan qo`shimcha mablag` hisobiga mazkur hududda 99-maktab filiali o`rniga 176 o`rinli to`laqonli maktab yangi o`quv yiligacha qurilishi rejaga kiritilgan va bu haqda hudud aholisi xabardor bo`lgan. Ayni damda maktabning loyiha-smeta hujjatlari tayyor va maktab qurilishi bo`yicha tenderga qo`yilgan.
Yangi maktab qurilishi natijasida “Istiqlol” mahallasining bolalari yo`lni kesib o`tmasdan o`zining hududidagi maktabga qatnash imkoni bo`ladi va ushbu maktab filialiga to`laqonli maktab maqomi beriladi.
"Fursatdan foydalanib, aziz ota-onalardan farzandingizni serqatnov yo`llardan maktabga borishida nazoratga olishingizni, haydovchilardan esa piyodalar yo`lakchalariga yaqinlashganda tezlikni kamaytirib, diqqatni oshirishni, yo`l harakati qoidalariga amal qilishlarini so`rab qolamiz", - deyiladi rasmiy munosabatda.






