1

Buxoroda qalbaki pul kupyuralarini muomalaga kiritgan jinoiy guruh qo`lga olindi

Jinoyat 30.04.2021, 09:05
Buxoroda qalbaki pul kupyuralarini muomalaga kiritgan jinoiy guruh qo`lga olindi

Buxoro viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo`limi hamda Jondor tumani IIB xodimlari tomonidan hamkorlikda o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida milliy pul birligimizning kupyuralarini qalbakilashtirish bilan shug`ullanib kelayotgan jinoiy guruhning faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi. 

Gap shundaki, 2021 yil 11 mart kuni Jondor tumani IIBga, tumanning Samonchuq mahallasida yashovchi L.R. ismli fuqaro ariza bilan murojaat qilib, shu kuni savdo do`koniga mijoz sifatida kelgan notanish kimsa do`kondan 12 dona elim tog`oralarni xarid qilib, unga 10 dona 100.000 va 1 dona 50.000 so`mlik kupyuradagi, jami 1.050.000 so`m pullarni berib hisob-kitob qilganligini, notanish mijoz ketganidan so`ng pullarni ko`zdan kechirganida, unga berilgan pul kupyuralarining seriya raqamlari bir xil ekanligini bilib, pullar qalbaki ekanligiga gumon qilganligini, shu sababli ushbu noma`lum shaxsni aniqlab unga chora ko`rishni so`ragan.

 Mazkur murojaat tuman IIBda tegishli tartibda qayddan o`tkazilgan va tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, fuqaro L.R. tomonidan taqdim qilgan 10 dona 100.000 va 1 dona 50.000 so`mlik kupyuradagi pullar yuzasidan viloyat IIB Ekspert-kriminalistika bo`limi tomonidan o`tkazilgan kriminalistik tadqiqotlar natijasida, ushbu pul kupyuralari O`zbekiston Respublikasi pul birliklarini ishlab chiqaruvchi bosma korxona tomonidan tayyorlanmagan qalbaki pullar ekanligi, ya`ni kompyuter texnikasidan foydalanib, rangli tomchi-purkovchi printer yordamida qo`lbola usulda tayyorlanganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan noma`lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishi bo`yicha o`tkazilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni Buxoro tumanida yashovchi R.A., uning jinoiy sheriklari K.U. hamda Romitanlik D.N.lar oldindan til biriktirib sodir qilganliklari aniqlangan.

Tadbir davomida o`tkazilgan “Tintuv” tergov harakatlari davomida jinoyat ishi bo`yicha gumon qilinuvchi R.A. ning yashash uyidan 25 dona 50.000 so`mlik bir xil seriyali, jami 1.250.000 so`m qalbaki kupyuralar, shuningdek, jinoiy guruhning yana bir a`zosi D.N.ning yashash xonadonidan bir dona kompyuter jamlanmasi, bir dona “EPSON” rusumli rangli printer, bir dona qog`oz kesuvchi uskuna, 120 dona qirqilmagan oq qog`ozning har biriga uch nusxadan chop etilgan, bir xil seriyali, 50.000 so`mlik kupyuradagi, jami 18.600.000 so`m miqdordagi pul kupyuralari hamda bir dona xotirasida bir nechta davlatlarning pul birliklari elektron suratlari bo`lgan 16 gigabaytli fleshkarta ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.

Hozirgi kunda Jondor tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan ushbu jinoiy guruhning xatti-harakatlari yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1