Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi axborot xizmati rahbari Ozod Rajabov AOKAda o`tkazilgan brifingda Qarshi shahriga kiraverishdagi “sellofanlar vodiysi” haqida gapirdi.
– Chiroqchi tumani “Qo`ng`irtog`” massividagi jami 17 gektarlik chiqindi poligonini rekultivasiya qilish bo`yicha o`tgan yilning noyabr oyida aniq qarorlar qabul qilingan va ushbu jarayonni 2021 yilning 1 iyuliga qadar yakunlash vazifasi qo`yilgan. Ekologlarimiz buning ijrosini izchil nazoratga olishgan.
Bu erda sochilgan sellofan paketlar mazkur hududga xizmat ko`rsatuvchi “Eko Trans” MChJ mutasaddilarining mas`uliyatsiz yondashuvi sabab sodir bo`lgan. Shuning uchun ularga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Hozirda chiqindilarni terib olish, qayta ishlash, ko`mish va zararsizlantirish ishlari olib borilmoqda.