Prezidentimizning "Sog`liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to`g`risida"gi Farmoniga ko`ra, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga bir necha faoliyat turlari bilan shug`ullanishga ruxsat berildi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Jumladan, 2021 yil 1 iyuldan boshlab nodavlat tibbiyot tashkilotlariga:
maxsus avtotransport vositasida tashkil etiladigan “mobil tibbiyot” xizmati yordamida joyiga chiqqan holda aholiga tibbiy xizmat ko`rsatish;
nodavlat tibbiyot tashkilotining o`rta tibbiyot xodimlaridan iborat “tibbiy punkt”larini tashkil etishga ruxsat berildi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Sog`liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ushbu chora-tadbirlarni amaliyotga to`liq joriy etish maqsadida nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun zarur sharoitlar yaratishga mas`ul etib belgilandi.






