Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ma`lum qilishicha, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi.
Loyihada diniy tashkilotni ro`yxatga olish uchun murojaat – u olingan kundan e`tiboran bir oy muddat ichida, diniy tashkilotni qayta ro`yxatdan o`tkazish uchun murojaat – u olingan kundan e`tiboran o`n besh kunlik muddat ichida ko`rib chiqilishi belgilanmoqda. Bundan tashqari, amaldagi qonunda diniy tashkilotni ro`yxatga olishni rad etish havolaki norma asosida belgilangan bo`lsa, yangi qonunda ro`yxatga olishni rad etish asoslari aniq sanab o`tilgan.
Deputatlarning ta`kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar sohasidagi munosabatlarni tartibga solinishini yanada takomillashtirishga, diniy tashkilotlarni tuzish va ularni davlat ro`yxatidan o`tkazish, qayta ro`yxatdan o`tkazish bo`yicha normalarni soddalashtirishga, diniy tashkilotlarning huquq va burchlari bilan bog`liq munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy asoslarning aniq belgilab qo`yilishiga xizmat qiladi.
Qonun Senatda ma`qullanib, prezident tomonidan imzolanib, rasman e`lon qilingach kuchga kiradi.






