Xonanda Lola o`zining Instagram ijtimoiy tarmog`idagi shaxsiy sahifasida kuni kecha “shok.uz” sayti uchun bergan video intervyusi haqida quyidagi fikrlarni yozib qoldirdi:
“Mazkur intervyu davomida bir necha bor turib, ketib qolgim keldi. Biroq, imkon qadar xushmuomala bo`lishga harakat qildim. Boshlovchi savollar muxlislardan ekanligini aytdi, ammo shunday bo`lsa-da, muxlislarimni mening ijodim ko`proq qiziqtirishiga ishongim keldi. Xayrli tong!”.
Xonandaning intervyu borasida nima sababdan bunday fikr bildirganini bilish maqsadida video intervyuni tomosha qildik. Intervyuning ilk savoli Lola va Shahzoda o`rtasidagi janjallar to`g`risida bo`ldi. Hali boshlashga ulgurmagan suxbat Lolaning g`ashiga tega boshlaganini uning yuz ifodasidan payqash qiyin emas. Avvallari ham jurnalistlar tomonidan xonandaga ko`p bor berilgan savolga u xuddi avvalgidek ularning o`rtasida hech qanday janjal bo`lmagani, ular bir-biriga hatto ovozini ko`tarib gapirmaganini ta`kidlab o`tdi.
Shuningdek, Lola “Tarona Records” prodyuserlik markazi bilan kelishmay qolgani va oqibatda konsert o`tkazish uchun boshqa prodyuserlik markazidan yordam so`ragani haqidagi gap-so`zlarning yolg`on ekanligini ham aytib o`tdi.
Ijtimoiy tarmoqlarga joylayotgan suratlariga to`xtalar ekan xonanda suratlarida milliy mentalitetga zid bo`lgan hech qanday jihatlarni ko`rmasligi, bu har bir insonning mazkur suratlarga qanday ko`z bilan qarashiga bog`liq tushuncha ekanligini va oxir-oqibat bu uning hayoti ekanligi va u shaxsiy qaror qabul qilish uchun hech kimdan ruxsat so`rashga majbur emasligini ma`lum qildi.
Boshlovchining “Lisenziyangizni qaytarib olish uchun ‘O`zbeknavo’dan kechirim so`raganingiz rostmi?” degan savoliga esa Lola quyidagi javobni bergan:
“Ha, bu rost. Men nafaqat “O`zbeknavo”dan balki, mening fotosuratlarim, harakatlarim, kiyimlarim, qo`shiqlarimda tilga olinayotgan mavzular kimgadir noqulaylik tug`dirayotgan yoki yashashiga halaqit berayotgan, tunlari tinch uxlashiga imkon bermayotgan bo`lsa, ularning barchasidan uzr so`rashim mumkin”.
Intervyu davomida jurnalist Loladan hamkasbi Rayhonning konsert dasturiga nega taklif etilmagani sabablarini so`radi. Shuningdek, vaqti-soati kelib albatta sevgan insoni bilan turmush qurishi, to`y faqat yaqin insonlar ishtirokida, begonalar, xususan jurnalistlar ishtirokisiz bo`lib o`tishini ma`lum qildi.
Berilgan barcha savollardan so`ng boshlovchi Loladan jonli ijroda qo`shiq kuylab berishini so`radi, biroq bu so`rov xonanda tomonidan rad etildi:
“Qo`shiq kuylash uchun ayni paytda xohish va kayfiyat yo`q. Inson o`zini majburlab, kuylolmaydi. Buning uchun yurak kuylashi kerak”.
Intervyu so`nggida xonanda barcha muxlislariga baxt tilab, barchaga o`z sevimli ishi bilan shug`ullanishini va bundan mislsiz rohat olish baxtini his etishni, boshqalarning hayotiga aralashmaslik, uning o`rniga o`z shaxsiy hayotiga ko`proq vaqt ajratishini tiladi.