AsosiyJamiyat

Sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirov hozirda qamoqxona tikuv sexida, Ixtiyor Abdullaev chinni sexida ishlamoqda

'Sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirov hozirda qamoqxona tikuv sexida, Ixtiyor Abdullaev chinni sexida ishlamoqda'ning rasmi

Kecha, 5-may kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili qoshidagi komissiya IIV JIEBB tizimidagi 22-sonli koloniyada monitoring o`tkazdi. Bu haqda O`zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov  o`zining Facebook sahifasida e`lon qildi. 

"Milliy prezentiv mexanizm islohoti doirasidagi o`rganishlarimiz bu safar huquqni muhofaza qilish organlarining sobiq xodimlari jazo muddatini o`tashi uchun maxsuslashtirilgan koloniyada kechdi. 1200 nafar mahkumni saqlashga mo`ljallangan mazkur koloniyada hozirgi kunda 273 nafar mahkum jazo muddatini o`tamoqda.

Koloniyaning boshqa koloniyalardan sharoit nuqtayi nazaridan deyarli farqi yo`q. Qamoqxonalarga belgilangan standartlar — tibbiyot, o`quv, ovqatlanish va ishlab chiqarish bo`limlari tashkil qilingan. Sport mashg`ulotlari uchun alohida sharoitlar mavjud.

Xullas, qamoqxona sharoiti, umumiy ahvol, mahkumlarga munosabat masalasida muammolar ko`pam ko`zga tashlanmaydi. Har holda “chest mundira”, “qarg`a qarg`aning ko`zini cho`qimas” singari beo`xshov matallarga ergashilsa, bu erda muammolarning kamligini tushunish mumkin bo`ladi.

Bu o`rinda jamoatchilikni ko`proq qiziqtiradigan manzara borki, shaxsan mening zonaga tashrifim ham, bu postni yozishga undagan jihat ham shudir. Ya`ni, bu erda jazo muddatini o`tayotgan yuqori darajadagi mulozimlar — sobiq bosh prokurorlar Rashidjon Qodirov, Ixtiyor Abdullaev, sobiq MXX katta zobiti Javdat Sharifxo`jaev, bosh prokuror o`rinbosari Ulug`bek Sunnatov va Xurramov.

Avval mamlakatimizga uch muddat bosh prokurorlik qilgan Rashidjon Qodirov bilan suhbatlashdik. U kishidan sharoitlar, mahkumlarga muomala haqida so`radim. Har holda hushyor odam — yaqin bir oyda manzil koloniyaga chiqishini, shikoyatlari yo`qligini, BMT strukturalariga qiynoqlar bo`yicha shikoyat qilmaganini, sog`lig`i yaxshiligini aytdi. “Yurak bo`yicha avvalroq sangorodda davolangandik, hozir hammasi yaxshi”, dedi Qodirov.

Ko`rdikki, sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirov hozirda tikuv sexida ishlamoqda. Uning qo`lidan chiqqan guldor matolardan tikilgan bejirim ayollar ko`ylagi, lozimi va boshqa ashyolar ko`zni quvontiradi. Rasmlarga olishdi, komissiyamiz vakillari hademay bu rasmlarni chop qilsa kerak.

General Abdullaevni chinni sexida, idishga naqsh solayotgan jarayonda uchratdim. Ungacha muassasaning tibbiy bo`limiga kirib, u kishining tibbiy kartasi bilan tanishgandim. Hujjatga ko`ra, Abdullaev Jinoyat kodeksining 242-moddasi (jinoiy uyushma tashkil etish) va 301-moddasi (hokimiyatni suiiste`mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakasizligi) bilan 16 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Unga nisbatan yaqin orada ikki marta o`tkazilgan koronavirus testi manfiy chiqqan. Bo`yin umurtqa pog`ona qismidagi og`riqdan shikoyat qilgan. Ko`zining ko`rish darajasi birinchi ko`zda +1 va ikkinchi sohada +2,58.

Tibbiyot qismi shifokorining aytishicha, Abdullaev 2017-yilda Germaniyada ko`z gavharlarini almashtirish bilan bog`liq jarrohlik amaliyoti o`tkazgan. Ya`ni, ko`z xastaligi tergov yoki zonada orttirilmagan.

Sobiq bosh prokurorga uning otasi va o`g`li bir qancha OAV orqali jamoatchilik va prezidentga murojaat qilgani, unga nisbatan qiynoqlar qo`llanilgani va hozirda uni yaqinlari bilan ko`rishtirishmayotgani, izolyasiyada saqlanayotgani haqida bayonotlar berishayotganini aytdim. U kishi “hammasi yaxshi bo`ladi, bu gaplar prezidentimizga etib borsa, adolat qiladilar”dan nariga o`tmadi.

Ta`kidlash kerakki, ikki sobiq bosh prokuror ham o`ta ehtiyotkorlik bilan muomalada bo`ldi. To`g`rirog`i, komissiyalarning nimaligi, qaergacha bora olishini o`tmishdagi faoliyati orqali yaxshi biladigan bu mulozimlar vaziyatni murakkablashtirib o`tirishmadi. Har holda menga shunday tuyuldi.

Sexlardan chiqayotib, sobiq MXX polkovnigi Javdat Sharifxo`jaev bilan ko`rishdim. U gapni qisqa qilib, hech qanday shikoyati yo`qligini ta`kidlagan holda qochib qoldi...

Umuman, koloniyadagi manzara meni qoniqtirdi. Masalan, siyosiy ahamiyatga molik bo`lgani uchun bosh prokurorlarga alohida mulozamat yoki kuzatuv yo`q. Alohida osh-ovqat ham ajratilmagan. Ko`pchilikka nima bo`lsa, shu.

Koloniyaning kattagina qismi ta`mirda ekan. Oshxonadagi osh-ovqatlar yomonmas. Kutubxona, sport zallari va zerikib qolmaslik va pul topish uchun tashkil qilingan sexlar shular jumlasiga kiradi.

G`alatiroq taassurotlar bilan qaytdim. Bir paytlar u bilan suhbatlashish, so`roqqa tutish tugul oldiga bora olmaganimiz bu odamlar bugun mahzun, avvalgi salobatdan asar ham yo`q",– dedi Abdurahmon Tashanov.

Boshqa yangiliklar