Internet tarmog`ida vazirlikning Matbuot xizmati tomonidan berib borilayotgan koronavirusga qarshi emlanganlar statistikasi bo`yicha hisobotlarda noaniqliklarga yo`l qo`yilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati tushuntirish berdi.
Bu kabi tushunmovchiliklarni oldini olish maqsadida SSV Matbuot xizmati tomonidan yoritib borilayotgan emlash jarayonlarini ommaga etkazuvchi OAV vakillari va blogerlar uchun qisqacha tushuntirish berishni lozim topdik.
Yurtimizda 1 apreldan ommaviy emlash tadbirlari boshlandi va bir oy davomida yurtdoshlarimizning 797 781 nafari koronavirusga qarshi emlandi.
1 maydan vaksinasiyaning 2-bosqichi boshlanib, 1-doza vaksinalarni olgan fuqarolarni 2-doza vaksinalari bilan emlash jarayonlari ham parallel boshlandi.
2-doza vaksinalari bilan emlash o`tgan haftaning shanba kuni (1 maydan) boshlangan bo`lsa, emlash statistikasi yakshanba (2 may) kuni SSV Matbuot xizmati tomonidan e`lon qilindi. Va unda faqat umumiy emlanganlar haqida ma`lumot aks etgan edi. (Holbuki, 1 may kuni 6306 nafar kishi 2-dozani qabul qilgan).
2 may – yakshanba kuni emlash jarayonlari bo`lib o`tmagani sababli 3 may –dushanba kuni bu haqdagi statistika berilmadi. 4 may kuni 2-doza vaksinalari bilan emlashning 2-kuni (3 may) haqidagi statistika e`lon qilindi. Bu xabarda “Shu yilning 1 mayidan boshlab vaksinaning birinchi bosqichini olgan fuqarolarni uning ikkinchi dozasi bilan ham emlash boshlandi”, deb tushuntirish berilib, aynan shu kundan ikki doza vaksinalari bilan emlash statistikasi ajratib berila boshlangan.
Bugun, 6 may kuni e`lon qilingan emlash statistikasi 5 mayda “Yurtimizda 1 million dozadan ortiq vaksina qo`llanildi” degan sarlavha ostida berildi. Ayrim OAV vakillari tomonidan bu ma`lumot noto`g`ri talqin qilinib, “1 million nafardan ortiq fuqaro emlandi” deb xabar tarqatildi.
Ayni kungacha mamlakatimizda 1 million 9510 doza vaksinadan foydalanilib, ularning 32533 dozasi ikkinchi bosqichda qo`llanilgani haqidagi xabarlarga shubha bildirganlar ham bo`ldi.
Aslida umumiy 1 009 510 doza vaksinadan ikkinchi bosqichda qo`llanilgan vaksina soni (32533 doza) ayirilsa, birinchi bosqichda qo`llangan vaksinalar soni kelib chiqishi oddiy matematika. Bundan muammo yasash shart emas.
Shu o`rinda OAV vakillaridan emlash statistikasi matnlaridan foydalanishda, ularni tarjima qilishda e`tiborli bo`lishlarini, shuningdek, qo`llanilgan vaksina dozalari va emlangan fuqarolar sonini adashtirmasliklarini so`rab qolamiz.
Eslatib o`tamiz, ayni paytda yurtimizda qo`llanayotgan ZF-UZ-VAS2001 3 dozada, AstraZeneca va “Sputnik V” 2 dozadan yuboriladi.






