Innovasion sog`liqni saqlash milliy palatasi 2021 yil 1 iyuldan unga Vrachlar va farmasevtlarga lisenziya berish va attestasiyadan o`tkazish Respublika markazini qo`shib olish yo`li bilan qayta tashkil etiladi hamda Sog`liqni saqlash vazirligi tizimiga o`tkaziladi.
Prezidentning “Sog`liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to`g`risida”gi farmoni loyihasiga ko`ra, quyidagilar belgilab qo`yiladi:
- Palata Vrachlar va farmasevtlarga lisenziya berish va attestasiyadan o`tkazish Respublika markazining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo`yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
- Vrachlar va farmasevtlarga lisenziya berish va attestasiyadan o`tkazish Respublika markazining mablag`lari, mulki, shu jumladan bino va inshootlari, avtotransport vositalari, uskuna, texnika va inventarlari Palataga o`tkaziladi;
- Palata rahbariga, zarur hollarda, byudjetdan tashqari mablag`lar hisobidan shartnoma asosida mutaxassislar jalb qilish huquqi beriladi;
- Palata va uning hududiy bo`linmalari Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan saqlanadigan boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 110ta etib belgilanadi.
Palataga quyidagi qo`shimcha vazifalar yuklatiladi:
- tibbiyot va farmasevtika xodimlarini attestasiyadan o`tkazish va ularga malaka toifalarini berish;
- tibbiyot va farmasevtika xodimlarining o`z malakasi va kasbiy darajasini muntazam ravishda oshirib borishini ta`minlash;
- attestasiyadan o`tkazish va malaka toifalari berish jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali uning shaffofligini ta`minlash.






