Bugungi kunda Toshkentning aksariyat attraksionga ega istirohat bog`lariga kirishda kartaga pul tashlash orqali kirish tizimi amal qiladi. Attraksionlarda faqatgina maxsus plastik kartalarga pul tushirish orqali foydalanish mumkin, bilet olish orqali to`lovlarni amalga oshirishning imkoniyati mavjud emas.
Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga murojaat qilgan iste`molchining hisobidan Toshkent shahridagi Mirzo Ulug`bek nomidagi “Markaziy bog`” (“Central Park”) uchun olingan kartasidagi 60 ming so`m pul mablag`i ogohlantirishsiz echib olingan. Agentlik xodimlari tomonidan ushbu masalani o`rganish jarayonida mazkur istirohat bog`i hududida foydalanish uchun mo`ljallangan kartalar bilan bog`liq muammo yana bir necha ming iste`molchilarga ham taalluqli ekanligi ma`lum bo`ldi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Axborot xizmati xabar berdi.
XO`Sh, KIM AYBDOR: iste`molchimi yoki park ma`muriyatimi? Nima uchun bu haqda o`z vaqtida iste`molchiga ma`lumot berilmayapti?
Shuni ta`kidlash lozimki, to`lov kartaning orqa tomonida uning amal qilish muddat ko`rsatilgan. Muddat tugagandan so`ng, undagi mablag`lar karta egasining arizasiga asosan xizmat ko`rsatuvchi kassa tomonidan 3 kunlik muddatda yangi kartalarda o`tkazib beriladi. Aslida maxsus kartalarning amal qilish muddati 2020 yil 31 dekabrgacha deb ko`rsatilgan. Lekin 2020 yil tugashi arafasida kartaning amal qilish muddati va ularni almashtirish tartiblari haqida iste`molchilar biron marta ham ogohlantirilmagan. Istirohat bog`iga borgan iste`molchi kartadan foydalana olmagandan so`nggina bu haqda xabardor bo`lgan.
QONUNGA MUVOFIQ
O`zbekiston Respublikasi “Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste`molchiga o`zi realizasiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o`z vaqtida zarur, to`g`ri va tushunarli ma`lumot berishi shart. Shuningdek, 21-moddaga asosan, sotuvchi (ijrochi) iste`molchini haq evaziga qo`shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo`shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko`rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilangan.
18 MINGDAN ORTIQ ISTE`MOLChI VA UNGA JAMI 335 610 000 SO`M
Agentlik ushbu holatlarga aniqlik kiritish maqsadida “Jet Invest” MChJ QKga tegishli so`rovnoma yuborib, holat yuzasidan tushuntirish olindi. Unga asosan 2018 yildan buyon “Jet Invest” MChJ QKga tegishli “Markaziy bog`” (“Central Park”) tomonidan 130 000 ta iste`molchilarga bog`da foydalanish kartalari rasmiylashtirib berilgan. Amal qilish muddati o`tgan 18 291 ta maxsus kartalarda iste`molchilarning hisob raqamlarida 335 610 000 so`m mavjud ekanligi haqida ma`lumot berib o`tilgan. Istirohat bog`i ma`muriyati ta`kidlashicha, pandemiya paytida to`lov tizimida yuzaga kelgan texnik nosozlik yuzaga kelganini muammoga sabab bo`lgan. Agentlikning ko`rsatmasiga asosan bugungi kunga qadar mazkur istirohat bog`i tomonidan 643 ta iste`molchilarga 14 872 400 so`m mablag` qaytarildi.
Ma`lumot o`rnida. Bugungi kunda Mirzo Ulug`bek nomidagi “Markaziy bog`” (“Central Park”) ma`muriyati tomonidan o`z iste`molchilariga o`rnatilgan tartibda kartalaridagi mablag`larini qaytarish davom etmoqda. Buning uchun iste`molchilar kassa xodimiga murojaat qilishlari kerak.Shundan so`ng kartadagi balans tekshiriladi va unda qolgan mablag` yangi kartaga o`tkazib beriladi.






