Kuni kecha Oliy majlis qonunchilik palatasida yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi qonun muhokamasi bo`lib o`tdi. Muhokamadan so`ng, deputat Rasul Kusherbaev "Milliy tiklanish" partiyasini maktablarda diniy ta`lim berilishiga qarshi ekanlikda aybladi. Partiya rahbari esa hamkasbiga ma`lumotlarni noto`g`ri talqin qilmasdan, qonun loyihasida muhokamaga sabab bo`lgan jihatlar haqida ma`lum qilib, munosabat bildirdi.
"Birinchidan, qonun loyihasi birinchi o`qishda kirgan vaqtidayoq diniy ta`lim masalasini ko`targan fraksiya “Milliy tiklanish” edi. Tashabbusga ko`r-ko`rona yopishib olmasdan deyarli ikki oy davomida ushbu masala batafsil o`rganildi, soha mutaxassislari bilan maslahatlashildi.
Soxta obro` ilinjidagi hamkasbimiz masalani boshlang`ich nuqtasida turibdi - mavzuni o`rganmagan, doimgidek gapirish uchun gapirdi.
Ikkinchidan, qonun qabul qilingan majlisda ishtirok etmagan deputat xulosa bilan emas, qulog`i bilan gapiradi, juda ham tabiiy holat.
Uchinchidan, bu norma qonunning qaysi moddasida tortishildi? - degan savolga masalani ko`tarayotgan hamkasbimiz javob berishiga ishonchim komil emas, yakuniy o`zgarishlarni bilmaydi chunki.
Partiyaga nisbatan haqoratomuz ohang esa ”Davlat tili to`g`risida”gi qonun muhokamasida kaltabinlik bilan yo`qotilgan ishonch uchun alamzadalikdan bo`lsa kerak.
Endi qonundagi biz qarshi bo`lgan jihat bo`yicha...
Avvalambor, har qanday ta`lim jarayoni guruh ishtirokida, tizimlilik va muntazamlikni taqozo qiladi. Qonunga ko`ra, diniy ta`lim olmoqchi bo`lganlarga bunday imkoniyat maktabni tugatgandan keyin professional diniy ta`lim muassasalarida beriladi.
Muhokamaga sabab bo`layotgan qism bu 1-sinfdan boshlab diniy ta`lim olish yoki darslardan keyin lisenziyaga ega, oliy diniy bilimi bo`lgan shaxs tomonidan diniy ta`limni tashkil qilish uchun ruxsat berish masalasi.
Bu qonunga: “...vakolatli idora tomonidan ijozat berilgan, professional diniy bilimga ega mutaxassis diniy ta`lim berishi mumkin” degan norma kiritilgan taqdirda ham boshlang`ich diniy ta`lim tizimining o`zi yo`qligi uchun dinni o`rganish odatdagidek ustoz-shogird tizimida davom etib ketaveradi.
Bugun yoshlar dinni ota-onalaridan, masjidlarda, amri-ma`ruflarda, kundalik hayotda ulamolar bilan suhbatda, ijtimoiy tarmoqlarda va bemalol sotuvda bo`lgan diniy adabiyotlar vositasida o`rganishmoqda va bu qonunga zid emas.
Agar qonunda “...vakolatli idora tomonidan ijozat berilgan, professional diniy bilimga ega mutaxassis diniy ta`lim berishi mumkin” degan norma kiritilsa, o`rgatish Islomdagidek murakkab bo`lmagan, e`tiqoddan ko`ra siyosiy-strategik maqsadlarga xizmat qiladigan minglab missionerlarga millionlab hayotiy tajribaga ega bo`lmagan yoshlarimizning ongiga yashil yo`lak qilib bergan bo`lamiz. Tasavvur qilib ko`ring, bitta ulamo diniy maktab ochib 100 ta qorako`zga Ummul Qur`onni yodlatgunicha, 100 ta missioner 100 ta maktab ochib minglab bolalarimizning etilmagan tafakkurini ostin-ustun qilib yuboradi.
Muqaddas Islom sobitlik bilan kundalik yashaladi va sabr bilan o`rganiladi. Musulmon tug`ilgandan o`limigacha eshitadi, o`qiydi va tafakkur qiladi. Bu jarayonni qonun ta`qiqlay olmaydi.
Takror aytaman, bu norma qabul qilinsa, qonunni barcha talablarini bajargan holda, katta homiylarga ega bo`lgan missionerlar oqimi 3-5 yil ichida minglab, agar millionlab bo`lmasa, dinidan, qadriyatidan uzilgan zombi yoshlar qatlamini oldimizga to`kib tashlaydi.
Tushunganlar uchun, biz diniy ta`limni qo`llab-quvvatladik, jamiyatimizga yot g`oyalarni singdirmoqchi bo`layotganlarga qarshi chiqdik..."- deyiladi Alisher Qodirov mulohazalarida.






