AsosiyJamiyat

Samarqandga yilning birinchi choragida 255 ming nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurgan

'Samarqandga yilning birinchi choragida 255 ming nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurgan'ning rasmi

Samarqandga yilning birinchi choragida 255 ming nafar mahalliy sayyoh keldi. Bu esa o`tgan yilga, ya`ni pandemiyadan oldingi davrga nisbatan 3 barobarga ko`p demakdir, – dedi xalq deputatlari viloyat Kengashining bugun o`tkazilgan sessiyasida hisobot bergan Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti boshlig`i D.Narziqulov.

Birgina Registon majmuasiga o`tgan yili 14-15 mart kunlari 6056 nafar, joriy yilning 10-11 aprel kunlari esa 24189 nafar kelgani kuzatildi.

Ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan e`tibor natijasida joriy yilning 28 mart sanasidan “Samarqand – Urganch – Samarqand”, “Samarqand – Farg`ona – Samarqand”, “Samarqand – Namangan – Samarqand” yo`nalishlarida muntazam aviaparvozlar yo`lga qo`yildi.

– Aholi o`rtasida sayohatni ommalashtirish va sayohat qilishga qulaylik yaratish maqsadida, dam olish va bayram kunlari taqvimi sayohat uchun maqbullashtirildi – dedi D.Narziqulov. – Jumladan, 5 ta rasmiy bayram kunlari bayramlarni nishonlash davrida qo`shimcha ishlanmaydigan kunlar 3 kundan kam bo`lmagan muddatga belgilandi. Oilaviy sayohatlarni nazarda tutuvchi yillik asosiy ta`til hisobidan 5 ish kunidan kam bo`lmagan “oilaviy sayohat ta`tili” tizimi joriy qilindi. Shuningdek, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar sayohatini tashkil etish bo`yicha ham reja-jadval tasdiqlangan bo`lib, ushbu reja-jadvalga muvofiq sayohatlar tashkil etilmoqda va oylik ma`lumotlar kiritib borilmoqda.

Joriy yilning 2 mart kuni “Sayyohlik mavsumining ochilishi” munosabati bilan keng ko`lamda tadbir tashkil etildi. Shu kuni viloyatdagi barcha madaniy meros va muzeylarga kirish bepul amalga oshirildi.

“Navro`z – umumxalq bayrami” munosabati bilan bayram arafasida Samarqand shahrining 10 ta hududida hamda “Konigil – turizm qishlog`i”, “Orzu Mahmudov” gastronomik ko`chasi, “Teshiktosh” maskani kabi yangi tashkil etilgan sayyohlik ob`ektlarida bayram tadbirlari tashkil etildi.

29 mart – 4 aprel kunlari Samarqand viloyatida ilk marotaba yoshlar sayyohlik festivali va sport sayyohligi yo`nalishi bo`yicha O`zbekiston chempionatiga respublika hududlaridan 240 nafar ishtirokchi va 1000 ga yaqin mahalliy sayyohlar jalb qilindi. Yil yakuniga qadar yana o`ndan ortiq xalqaro tadbirlar o`tkazilishi rejalashtirilgan.

Manba: UzA

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar