AsosiyJamiyat

Bo`ka tumanida «Mard o`g`lonlar nomi barhayot» xotira maydoni barpo etildi

'Bo`ka tumanida «Mard o`g`lonlar nomi barhayot» xotira maydoni barpo etildi'ning rasmi

7 may kuni bo`lib o`tgan tadbirda Toshkent viloyati IIBB rahbariyati va shaxsiy tarkibi, viloyat IIO faxriylari, 2-son Akademik lisey o`quvchilari va IIO safida xizmat qilib, halok bo`lgan xodimlarning oila a`zolari ishtirok etishdi.

Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmatining xabar berishicha, ochilish marosimida viloyat IIBB boshlig`i, polkovnik Tohir Aripov so`zga chiqib, ichki ishlar organlari safida xizmat qilib, Vatan himoyasi, el-yurt osoyishtaligi yo`lida aziz jonlaridan kechgan, xizmat vaqtida qahramonlarcha halok bo`lgan mard va jasur o`g`lonlar nomi va ularning xizmatlarini birma-bir yodga oldi. Yig`ilganlarni Xotira va qadrlash kuni bilan qutlab, yoshlarga bu yorug` kunlarning asl sababchilarini doim yodda saqlash kerakligini alohida ta`kidladi.

Shuningdek, IIBB Faxriylar kengashi a`zolari ham so`zga chiqib, yaqin tarixni eslab, yo`qotilgan safdoshlarini xotirladi.

Shundan so`ng, tadbir ishtirokchilari bilan birga rahbariyat tomonidan Bo`ka tumani Ichki ishlar bo`limi hovlisida barpo etilgan «Mard o`g`lonlar nomi barhayot» xotira maydoni ochildi.

Garchand maydon peshtoqiga sanoqli o`g`lonlar nomi bitilgan bo`lsa-da, aslida ular qatorida viloyat hududidagi terrorchilik harakatlari, yong`in oqibatlari, bundan tashqari, koronavirus infeksiyasi tadbirlari vaqtida mardlarcha halok bo`lgan 100 nafarga yaqin ichki ishlar organlari xodimlarining ism-shariflari zikr etilgan. Asosiysi, ularning jasorati – mangu, xotirasi esa abadiydir.

Marosim davomida, “mard o`g`lonlar”ning oila a`zolariga bosh boshqarma rahbariyati tomonidan bayram sovg`alari tantanali ravishda topshirildi.

Bayram tadbirida Ichki ishlar vazirligi Alohida namunali ko`rgazmali orkestri a`zolari ishtirok etib, ona Vatan, tinchlik va hurriyatni tarannum etuvchi kuy-qo`shiqlar yangradi, o`g`lonlar xotirasiga hurmat bajo keltirilib, gulchambarlar qo`yildi.

 

    Boshqa yangiliklar