Kecha Farg`ona shahrida ham Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan buyuk G`alabaning 76 yilligi katta tantana bilan nishonlandi.
Tadbirlar "Vatanparvarlar bog`i" oldida katta harbiy parad bilan boshlandi. So`ngra viloyat rahbarlari, Sharqiy harbiy okrug qo`mondonligi, viloyat kuch ishlatar tuzilmalari rahbarlari, va viloyat boshqarmalari boshliqlari “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambar qo`yib, o`tganlar xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.
"Vatanparvarlar bog`i" hududida tadbir ishtirokchilari e`tiboriga teatrlashtirilgan ikkinchi jahon urushi davri sahnalari namoyish etildi. Xronologik tartibda tashkil etilgan sahna ko`rinishlarida Farg`ona viloyatida ikkinchi jahon urushi haqida shumxabarni radio orqali aholiga etib kelishidan boshlab, mard o`g`lonlarning ixtiyoriy jangga otlanishi, urush davridagi qahramonliklari, g`alaba nashidasini surib, uyga qaytishlari jonlantirildi.
Shunday katta bayram tantanalari ichida bog` hududiga “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi Farg`ona viloyat bo`limining qo`pol texnik xatosi va e`tiborsizligi natijasida “Xotira bor ekan – millat barhayot” so`zlari ostida Vermaxt soldatlari rasmi tushirilgan ko`chma plakatning o`rnatilgani o`ta yoqimsiz holat bo`ldi. Bu haqda viloyat hokimligi Axborot xizmati ma`lumot bermoqda.
"Hozirda viloyat hokimligi tomonidan ushbu masala yuzasidan o`rganish boshlandi. Dastlabki surishtiruvga ko`ra, internetdan ikkinchi jahon urushi davri bilan oid rasmlarga qidiruv berib, etarli bilimsizlik tufayli tasodifiy rasmni olingani, plakat dizaynida foydalanilgani ma`lum bo`ldi. Kim plakat maketini tayyorlagan, nega bu rasmni tanlagan, nega tasdiqlatilmagan holda o`rnatilgan, bularning bari batafsil o`rganib chiqiladi. Aybdorlarga keskin choralar ko`riladi. Hozirda u ko`chma plakat "Vatanparvarlar bog`i"dan olib tashlandi, o`rniga ikkinchi jahon urushida qahramonlik ko`rsatgan o`zbek jangchilari tasvirlangan banner o`rnatiladi.
Butun O`zbekistonda bo`lgani kabi, Farg`ona viloyatida ham Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga hamda Vatan uchun jon fido qilganlar xotirasiga ko`rsatilayotgan ulkan hurmat-e`tibor hech qachon kamaymaydi", - deyiladi Viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari Fayzullo Qosimov tomonidan berilgan izohda.






