O`qituvchilik sharafli kasb bo`lib, «igna bilan quduq qazishdek» mashaqqatli va ulug` ishni qilayotganlarni doimo e`zoz bilan tilga olamiz. Ayniqsa, qo`limizga ilk bor qalam tutib, yozishni o`rgatgan ustoz bir umr qalbimiz ardog`ida bo`ladi. Afsuski, Qo`qon shahridagi 19-umumta`lim maktabining boshlang`ich ta`lim o`qituvchisi Lola Goryacheva qabih jinoyatga qo`l urdi. Qo`liga pichoq olib, bir kishining hayotdan bevaqt ko`z yumishiga sababchi bo`ldi.
Ikki nafar farzandning onasi bo`lgan bu ayol turmushidan ajrashgan. 2019 yil fevral oyida internet ijtimoiy tarmog`idagi «Odnoklassniki.ru» sayti orqali Azamat ismli yigit bilan tanishib qoladi. Bir-biri bilan ko`rishganidan so`ng munosabatlar jiddiylasha boshlaydi. Furqat tumanilik bu yigit mavsumiy ishlar bilan shug`ullanar, oilaviy sharoiti og`ir bo`lgani uchun hali uylanmagan edi. Lola o`zidan ancha kichik bo`lgan Azamatni to`g`ri yo`lga solish o`rniga, u bilan tobora yaqinlashardi. Ba`zida rashk tufayli ikkisi janjallashib qolardi.
Muallima asta-sekin undan uzoqlashishni, kam uchrashishni boshladi. Albatta, bu yigitga yoqmadi. 2020 yil 3 noyabr kuni Azamat unga bir necha bor telefon qilib qaerda ekanligini so`rab-surishtirdi. Lola unga qo`ng`iroq qilmasligini aytib, telefonni o`chirib qo`yadi. Shu kuni soat 22:00 larda yigit mast holatda uning uyiga keldi. Ayol munosabatlarni to`xtatish maqsadida gaplashib olmoqchi bo`lganida yigit uni arzimas bahonalar bilan urdi. Lola uni qo`rqitib qo`yish maqsadida qo`liga pichoq olib, o`qtaldi. Qasddan urilgan tig` yigitning chap oyog`ini jarohatladi. Shundan so`ng Azamat tashqariga chiqib ketdi, bir necha daqiqa o`tib eshikni taqillatsada, Lola uni uyga kirgizmadi. Yigit yarim tunda sovuqda jarohatlangan holda ko`p qon yo`qotishi natijasida vafot etdi...
Sud tibbiyot ekspertizaning xulosasiga ko`ra, marhum A.Nabievning chap sonida arteriya hamda mushaklari shikastlangan, sanchilgan-kesilgan yarasi bo`lib, ushbu jarohatlar hayot uchun xavfli bo`lgan og`ir tan jarohatlar toifasiga kirishi aniqlandi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Qo`qon shahar sudi tomonidan L.Goryachevaga besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sud jarayoni davomida u qilmishidan pushaymonligini bildirdi. Afsuski, endi kech.
Ayol bugun jazo muddatini o`tamoqda. Agar u o`shanda yigitga o`z vaqtida tushuntirganida, to`g`ri yo`lga solganida, yordam ko`rsatganida balki, bu mudhish voqea yuz bermasdi.
Manba: UzA






