Dunyoda bir-biriga opa-singildek yaqin zot bo`lmasa kerak. Chunki birga o`tirib qolganda gaplashib gapi tugamaydigan, boshqalarga aytolmaydigan sir-asrorlarini bir-biri bilan bo`lishadigan opa-singillar emasmi, axir? Ammo guruch kurmaksiz bo`lmaydi, deganlaridek, hamma tug`ishganlar ham biz o`ylaganchalik mehr-oqibatli emas ekan...
Kelishmovchiliklar yuzaga keladi
Rajabova Halima (ism-shariflar o`zgartirilgan) o`zining tug`ishgan singlisi Rajabova Gulsara bilan birgalikda, umumiy xo`jalik asosida yashab kelishgan. Keyingi vaqtlarda ularning o`rtasida shaxsiy hayotga taalluqli nizolar va o`zaro kelishmovchiliklar yuzaga keladi. Singlisining g`idi-bidisi joniga tekkan Rajabova Halima muammoning echimini singlisini qasddan o`ldirish, deb hisoblaydi. U jinoiy maqsadini amalga oshirish uchun reja tuzib, qotillikni 5.000 AQSh dollari evaziga, muqaddam qasddan odam o`ldirish jinoyatini sodir etib, jazo muddatini o`tab chiqqan tanishi Xolida Safarova orqali amalga oshirmoqchi bo`ladi.
“Singlimdan qutulish yo`llarini qidirdim...”
Sudlanuvchi Rajabova Halima sud majlisida aybiga qisman iqror bo`lib, quyidagilarni ma`lum qildi:
–Singlim Rajabova Gulsara bilan 2019 yilga qadar inoq yashadik, topganimiz o`rtada, seniki-meniki, degan gap yo`q edi. 2010 yilda singlim Namangandan mening oldimga, Toshkentga keldi. U bilan birgalikda ishlab, jamg`argan pulimizga 2012 yilda Yunusobod tumanidan xonadon sotib oldik. Shu erda men, qizim va Gulsara birga yashay boshladik. Biz “Abu Saxiy” bozorida sovun va xo`jalik mahsulotlarini sotish bilan shug`ullanardik. 2018 yilning yoz oylarida Yunusobod tumanida yashovchi Zoir ismli shaxs bilan tanishib qoldim. Zoir o`zining avtomashinasida menga va singlimga tegishli yuklarni aytilgan joydan olib kelar va bozorga etkazib berar, shu orqali tirikchilik qilardi. Bora-bora Zoir bilan o`rtamizdagi munosabatlar chuqurlashib, yaqin insonlarga aylandik. Mening bu ishim Gulsaraga yoqmadi. U mendan ham, Zoirdan ham uchrashmaslikni talab qilib, janjal ko`tardi. Men uning gaplariga e`tibor bermay, o`z bilganimdan qolmadim. Bu Gulsaraning battar jahlini chiqardi. U shaxsiy hayotimga aralashib, meni kamsitadigan, shaxsiyatimga tegadigan axloqsiz so`zlar bilan haqoratlaydigan bo`ldi. Shu orada bachadonimda paydo bo`lgan miomani oldirib, jarrohlik amaliyotini boshdan o`tkazdim. Shifoxonadan chiqqanimdan keyin ham Gulsara bilan oramizda kattagina janjal bo`lib o`tdi. Shundan keyin undan qutulish choralarini izlay boshladim. Xolida Safarovadan 5.000 AQSh dollari evaziga singlim Rajabova Gulsarani o`ldirib, jasadini yo`qotib berishni iltimos qildim...
Reja amalga oshmadi
Rajabova Halima 2020 yilning 30 may kuni Yunusobod tumani hududida Xolida Safarova bilan uchrashib, unga 5.000 AQSh dollari evaziga singlisi Rajabova Gulsarani qasddan o`ldirish va uning jasadini yo`qotib berish taklifini beradi. Xolida Safarova sodir etish uchun taklif etilayotgan bu jinoyatning oqibati juda og`ir va mushkul ekanligini aytganida, Rajabova Halima undan ushbu qotillikni amalga oshirishda boshqa shaxsni topib berishni iltimos qiladi. Xolida Safarova bildirilgan taklifni o`ylab, natijasini ertaga aytishini ma`lum qiladi. So`ng bu haqda tanishi Vazira Egamovaga aytadi. Ular o`zaro maslahatlashib, Rajabova Gulsaraning hayotini saqlab qolish maqsadida, Rajabova Halima tomonidan rejalashtirilayotgan jinoiy harakat hamda unga nisbatan qonuniy chora ko`rishlikni so`rab, Yunusobod tuman IIO FMB rahbariyati nomiga ariza bilan murojaat qilishadi.
“U begonaga aylandi...”
Sudda jabrlanuvchi sifatida so`ralgan Gulsara Rajabova quyidagilarni bildirdi:
- Sudlanuvchi Rajabova Halima tug`ishgan opam bo`ladi. Shu paytgacha ikkalamiz bir uyda ahil va inoq yashab kelayotgandik. Opam Zoir bilan tanishib, uchrashishni boshlaganidan keyin batamom o`zgardi. U bizga begona odamga aylandi. Oilali erkak bilan uchrashib yurishi, uyga kelmay qolishi menga yoqmadi. Unga bo`y etgan qizi borligini, bu ishi noto`g`riligini tushuntirmoqchi bo`ldim. Zoirga ham bu haqda gapirdim. Ammo ular o`z bilganlaridan qolishmadi. Mening bor aybim shu... Ayni kunda opam Rajabova Halimani kechirdim, unga nisbatan da`vom yo`q. Jazo tayinlashda opamga engillik berishlaringizni so`rayman.
Jazo tayinlandi
Rajabova Halima JK 25,97-moddasining 1-qismi bilan jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga nisbatan JK 25,97-moddasining 1-qismi bilan JKning 57-moddasini qo`llab, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Fotima Ismailova,jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudi raisi v.b.,
Lola Shoimova, jurnalist