AsosiyJamiyat

O`zbekistonda mahalliy aviaparvozlar arzonlashtirildi. Narxlar bilan tanishishingiz mumkin

'O`zbekistonda mahalliy aviaparvozlar arzonlashtirildi. Narxlar bilan tanishishingiz mumkin'ning rasmi

“Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmatining xabar qilishicha, qator mahalliy parvozlar 33 foizdan 50 foizgacha chegirmalar bilan tiklandi. Shu bilan birga, ichki reyslar soni ko`paytirilib, yangi qatnovlar yo`lga qo`yildi. Bu haqda O`zA ma`lum qildi.

Samarqand-Urganch, Samarqand-Farg`ona va Samarqand-Namangan, Termiz-Farg`ona yo`nalishida qo`shimcha reyslar yo`lga qo`yildi. Bundan tashqari, garchi raqamlar parvoz narxi er usti transport narxidan biroz oshib ketganini ko`rsatsa-da (yuksiz 126 300, yuk bilan 151 600 so`m), 2018 yildan buyon to`xtagan Toshkent-Andijon havo qatnovi qayta tiklandi. Toshkentdan Farg`ona vodiysi shaharlariga esa aviachipta bir xil – poytaxtdan Farg`ona, Namangan va Andijonga – 127 000 so`mdan belgilandi. Xo`sh, aviachiptalar narx-navosidagi o`zgarishlar haqida yurtdoshlarimiz qanday fikrda?

Shu o`rinda yana bir ma`lumot, aviakompaniya Toshkentdan Termiz, Buxoro, Samarqandga ham muntazam qatnovlarni amalga oshiradi, 14 maydan boshlab esa Toshkentdan Navoiyga aviaqatnovlar tiklanadi. Ushbu yo`nalishlardagi aviachiptalar narxi avvalgi holatga ko`ra 34 foizdan 45 foizgacha arzonlashtirilganini kuzatish mumkin:

• Toshkent-Termiz – 341 000 so`mdan. Qatnovlar haftaning dushanba, payshanba va shanba kunlari;

• Toshkent-Buxoro – 215 000 so`mdan. Qatnovlar haftaning chorshanba, shanba va yakshanba kunlari;

• Toshkent-Navoiy – 215 000 so`mdan. Qatnovlar haftaning seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.

• Toshkent – Samarqand – 114 000 so`mdan, aviaqatnovlar haftaning seshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi. Shuningdek, aviakompaniya qatnovlar jadvaliga Samarqanddan yurtimizning boshqa viloyatlariga ham maqbul narxlarda qatnovlar kiritiladi, deya qayd etilgan berilgan ma`lumotlarda.

Yana bir yangilik: aviakompaniya 10 maydan Termizni Farg`ona bilan bog`lovchi yangi qatnovni yo`lga qo`ydi. Termizdan Farg`onaga qatnov dushanba kunlari, Farg`onadan Termizga esa payshanba kunlari amalga oshirilishi hamda aviachipta narxi har ikkala yo`nalish uchun ham 316 000 so`mdan belgilangan, deb ma`lum qildi kompaniya matbuot xizmati.

Xabar berilishicha, Samarqand shahrida ikkinchi xab tashkil etilgan bo`lib, bugungi kunda ushbu shahardan doimiy ravishda (Toshkent qatnovidan tashqari) uchta shahar – Farg`ona, Namangan va Urganchga ham mahalliy aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. Aviachiptalar narxi har uchala yo`nalishda ham 190 000 so`mdan boshlanadi. Bu o`z navbatida aholi mobil darajasi ortishi va yurtimizdagi ichki turizmni rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Aviaqatnovlar quyidagi kunlarda amalga oshiriladi:

• Samarqanddan Namanganga – chorshanba va shanba kunlari;

• Samarqanddan Farg`onaga – dushanba, seshanba, juma va yakshanba kunlari;

• Samarqanddan Urganchga – dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari.

 

    Boshqa yangiliklar