Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda – A-380 “G`uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo`lining “Qo`ng`irot – Karakalpakiya posyolkasi” oralig`idagi qismi bilan bog`liq muammo e`tirozlarga sabab bo`lmoqda. Qoraqalpog`istondagi e`tirozga sabab bo`layotgan ushbu avtomobil yo`li bo`yicha Avtomobil yo`llari qo`mitasining munosabati e`lon qilindi.
Ma`lum qilinishicha, mazkur yo`lning jami uzunligi 240 km.dan iborat bo`lib, ta`mirtalab qismi – 100 kilometr. U “Jasliq – Karakalpakiya posyolkasi” oralig`ida joylashgan.
Ushbu yo`lga qora qoplama yotqizilgan bo`lib, bir necha yillar davomida yo`lning ko`tarish qobiliyatiga nisbatan og`ir vaznda bo`lgan avtotransport vositalarining muntazam harakatlanishi oqibatida ta`mirtalab holatga kelib qolgan.
Bugungi kunda o`rganishlar asosida mazkur holatlar inobatga olinib, avtomobil yo`lining ta`mirga muhtoj bo`lgan qismini to`liq rekonstruksiya qilish bo`yicha Hukumat qarori qabul qilindi.
Uning texnik iqtisodiy asoslari – O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “A-380 “G`uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo`lining 964 – 1204 km (240 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida” 2020 yil 5 martda imzolangan 124-sonli qarori bilan tasdiqlandi.
Joriy yilda o`tkazilgan xalqaro tender natijalariga binoan, Turkiyaning “Polat Yol Yapi San. ve Tic S.A.” kompaniyasi (964 – 1084 km oralig`i) hamda XXRning “China Road and Bridge Corporation”, “CCCC Third Highway Engineering Co. Ltd.” va “Sanmenxia City Changtong Road and Bridge Construction Co., Ltd.” kompaniyalari (1084-1204 km oralig`i) g`olib deb topilib, shartnomalar imzolangan.
Qo`shimcha tarzda shuni ma`lum qilamizki, mazkur loyiha 2021 – 2023 yillar oralig`ida to`liq amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Hozirgi kunda loyiha doirasida xalqaro kompaniyalar tomonidan qurilish-montaj ishlarini boshlash bo`yicha maxsus texnikalar ob`ektga ko`chirilmoqda. Rejaga ko`ra, iyun oyidan e`tiboran yo`lning ta`mirtalab qismida qurilish-montaj ishlari boshlab yuboriladi.






