Turizm va sport vazirligi Axborot xizmati xabariga ko`ra, BMTning Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) tomonidan «Qishloq turizmini rivojlantirish startapi» tanlovi e`lon qilindi. Tanlov qishloq jamoalarini COVID-19 pandemiyasi ta`siridan chiqarishga yordam beradigan eng yaxshi g`oyalarni aniqlash maqsadida yo`lga qo`yilgan.
Bugungi kunda dunyo bo`ylab tabiat va ochiq havodagi sayyohlik turlariga qiziqish ortib bormoqda. Ushbu tendensiya orqali turizm sohasi qayta tiklanishi yanada jadallashishi kutilayotgan bo`lib, «Startap» tanlovi qishloq jamoalari uchun foyda olish bilan bog`liq eng yuqori imkoniyatlarni ta`minlashga yordam beradi.
Shuningdek, mazkur tanlov qishloqlarni rivojlantirish uchun bo`lgan alohida e`tiborning bir qismi sifatida qishloq turizmini aholi kamayishiga qarshi kurashning asosiy vositasiga aylanishiga, uning rivojlanishi va daromad topishida mintaqaviy tengsizlikni kamaytirishga yo`naltirilgan.






