Rossiyalik ovchi Ekologiya qo`mitasi raisining ruxsati bilan "Qizil kitob"ga kiritilgan ayiqni o`ldirgani haqidagi xabarlarga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasini rasmiy munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, Tyan-shan qo`ng`ir ayig`ini ovlashga ham belgilangan tartibda, ya`ni qonuniy talablarga to`liq amalga qilgan holda ruxsat berilgan. 2020 yilning 25 noyabrida Fanlar akademiyasiga qonun talablariga asosan yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvota loyihasini ko`rib chiqib, xulosa berish uchun so`rov yuborilgan. 2020 yilning 4 dekabr sanasida Fanlar akademiyasining Bioresurslar bo`yicha Idoralararo komissiyasi 2021 yil uchun noyob va Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarga ajratilgan kvotalar to`g`risidagi xulosasini qo`mitaga taqdim etgan. Unda 2 dona Tyan-shan qo`ng`ir ayig`ini tutish ham ko`rsatilgan.
Shundan so`ng Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi raisining “Yovvoyi hayvonlarni tutishga doir 2021 yilgi kvotani tasdiqlash to`g`risida”gi 352-sonli buyrug`i qabul qilinadi. Mazkur buyruqda kvotaga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni tutish, ya`ni tabiatdan ajratib olish tartib-qoidalari aniq ko`rsatilgan. Bundan tashqari, 2020 yilning 28 dekabrida bu haqda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yozma ravishda rasmiy axborot berilgan. Hukumatning ayni masala bo`yicha 2021 yil 8 yanvarda imzolangan topshirig`ida Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni tabiatdan olishga qonun talablarida belgilangan tartibda ruxsatnoma berishni ta`minlash topshirilgan.
Ta`kidlanishicha, barcha qonuniy talablar bajarilgandan keyingina 2 dona Tyan-shan qo`ng`ir ayig`ini otish orqali tutishga ruxsatnoma berilgan.
Bunda O`zbekiston Respublikasining 2020 yil 8 iyulda qabul qilingan “Ov qilish va ovchilik xo`jaligi to`g`risida”gi O`RQ-627-sonli Qonunining 1-ilovasida tasdiqlangan miqdordagi to`lovlarning davlat byudjetiga undirilishi ta`minlangan.






