Kuni kecha Sergeli tumani “O`zgarish” mahallasidagi ekologik holat Senat tomonidan nazoratga olingani haqida xabar bergan edik.
Mazkur holat Senatning Agrar, suv xo`jaligi masalalari va ekologiya qo`mitasi tomonidan shu kunning o`zida nazoratga olinib, dastlabki o`rganish ishlari olib borildi.
Mazkur holatni o`rganish natijalariga ko`ra, haqiqatda o`ta kuchli bo`lgan badbo`y hid Salar suv tozalash inshooti birinchi quvurining kirish qismidagi oqova suvlardan chiqayotganligi ma`lum bo`ldi. Mexanik tozalashdan so`ng oqova suvlar ochiq lotok orqali 500 metr masofada biologik tozalash inshootiga oqib borish jarayonida biologik tozalash inshootidan shamol esgan tomonga badbo`y hidlar tarqaladi. Buning natijasida badbo`y hidlar shu atrofdagi aholi yashash sharoitiga zararli ta`sir qilmoqda.
Salar tozalash inshootiga 533 ta korxonaning ishlab chiqarishdan hosil bo`lgan oqova suvlari tashlanadi. Shulardan, “Toshkent shahar suv ta`minot” MChJ tomonidan noxush hidlarning chiqishiga sabab bo`lib kelayotgan potensial xavfli korxonalar ro`yxati taqdim qilindi va ular soni 18 tani tashkil qildi.
Jumladan, 5 ta charm sanoati, 6 ta to`qimachilik korxonalari va boshqalar. Ushbu 18 ta ishlab chiqarish korxonalarida tekshiruvlar amalga oshirish maqsadida, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakil bilan kelishuv asosida o`rganish ishlari boshlab yuborildi. O`rganish natijalari bo`yicha nosoz lokal tozalash inshootlari aniqlangan korxonalarda kamchiliklar bartaraf qilingunga qadar kanalizasiya tarmog`idan uzib qo`yish choralari ko`riladi.
Mazkur korxonalarning lokal tozalash inshootlarida rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish, shuningdek 5 ta charm sanoat korxonalarni Toshkent shahar hududidan tashqariga ko`chirishni nazarda tutuvchi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlanmoqda.
O`rganish natijalari yuzasidan batafsil ma`lumot taqdim etiladi.