Kasbi tuman hokimligida 8 may kuni Kasbi tuman Toshqo`rg`on mahallasi hududidan o`tuvchi 4r-92 “Qarshi-Talliqo`rg`on-Kasbi-Jeynov” avtomobil yo`lining 26 km.da sodir bo`lgan YTH yuzasidan kengaytirilgan muhokama yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda tuman hokimligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Yig`ilishda Ichki ishlar boshqarma boshlig`i, polkovnik Sh.Satvoldievning 7 nafar insonni hayotdan olib ketgan mazkur YTHning sodir bo`lish sabablari va holati haqida hisoboti tinglandi.
Ma`lum qilinishicha, 8 may kuni tungi soat 22:10 larda yuqori tezlikda kelayotgan “VAZ 21-01” va yo`lning qarama-qarshi tomonidan katta tezlikda harakatlanayotgan “Neksiya” avtomashinalari to`qnashgan.
Mudhish avtohalokatda 7 kishi halok bo`lgan. Yana ikki nafar inson shifoxonaning jonlantirish bo`limida.
Ma`lum bo`lishicha, vafot etganlarning ikki nafari 1 va 4 yoshli go`daklar bo`lgan. Qolganlari ham 40 yoshdan oshmagan shaxslar ekani qayd etildi.
Yig`ilishda holatga baho berish mobaynida haydovchilarning yo`l belgilariga rioya etmasligi, yo`l belgilariga bepisand qarashlari, belgilangan tezlikdan yuqori tezlikda harakatlanishlari, spirtli ichimlik iste`mol qilgan holda avtomobil boshqarish holatlari asosida kelib chiqayotganligi hamda viloyatdagi umum avtomobil yo`llarining ahvoli, YTHning kelib chiqish omillari va ularni bartaraf etish, avtomobil yo`llaridagi nosozliklarni, yo`l belgilari, yo`l chiziqlari va yo`llarning o`tkazuvchanligi, yo`llarni BDO-5 to`siqlari bilan bo`laklarga ajratilmaganligi, ayrim xalqaro ahamiyatga ega bo`lgan yo`llar yillar davomida ta`mirlanmasdan qolayotganligi, yo`l yoritish chiroqlarining yo`qligi, bu haqidagi kamchiliklarni bartaraf qilish bo`yicha tegishli mutasaddi tashkilotlarga taqdimnoma kiritib, tegishli organlarga ma`lumot uchun yuborilgan bo`lsada, bu kabi holatlar hanuzgacha o`z holiga tashlab qo`yilganligi, bu o`z navbatida og`ir oqibatli YTHlarning kelib chiqishiga sabab bo`layotganligini aytib o`tildi.
-Bu kabi holatlar oldi olinmas ekan viloyat hududida og`ir oqibatli YTHlari sodir etilishi takrorlanaveradi. Hushyorlikni oshirishimiz, o`zimizni, yaqinlarimiz jonini xavfga qo`ymasligimiz kerak. Muqaddas ro`zai ramazon kunlarida bunday mudhish voqeani qabul qilishimiz oson emas. Marhumlarning yaqinlariga sabr, bardosh tilayman. Barcha fuqarolarimizga bu holat ibrat bo`lsin. Yo`l erkalikni ko`tarmaydi,-dedi viloyat hokimi Z.Mirzaev.
Z.Mirzaev viloyat Avtomobil yo`llari direktori B.Raximovga viloyatdagi xalqaro va respublika ahamiyatiga ega bo`lgan yo`llarni ta`mirtalab bo`lib qolganligi va bahorgi ko`rikdan keyin 4r-92 “Qarshi-Talliqo`rg`on-Kasbi-Jeynov” avtomobil yo`lining ta`mirlanishi uchun ajratilgan mablag`ni maqsadli sarflashi hamda yo`l belgilari va maxsus chiziqlarni belgilangan mezon asosida qilinishini qattiq nazoratga olishini aytib o`tdi.






