AsosiyJamiyat

2030 yilgacha iqlim o`zgarishi bo`yicha strategiyasi loyihasi ishlab chiqilmoqda — deputat

'2030 yilgacha iqlim o`zgarishi bo`yicha strategiyasi loyihasi ishlab chiqilmoqda — deputat'ning rasmi

Bugun jahon hamjamiyati iqlim o`zgarishini insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri deb tan olmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o`zgarishi to`g`risidagi doiraviy konvensiyasi uni hal etishning atmosferaga issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish hamda kuzatilayotgan va kutilayotgan iqlim o`zgarishlariga moslashish yo`nalishlarini belgiladi. O`z vaqtida choralar qabul qilmaslik va atmosferada issiqxona gazlari miqdorini bundan keyin ham ko`payishi holatida mamlakatlar iqlim o`zgarishi borasidagi harakatlar uchun katta mablag`larni mobilizasiya qilishlariga to`g`ri keladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O`zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a`zosi Islom XUShVAQTOV ushbu mavzuda uz fikr va mulohazalarini bildirdi. 

Iqlim o`zgarishi bilan bog`liq o`sib borayotgan global tahdidlarga kompleks javob qaytarish maqsadida O`zbekiston 2017 yilda Parij Bitimini qabul qildi. Yangi kelishuvning asosiy qirralaridan biri rivojlangan davlatlar bilan bir qatorda rivojlanayotgan davlatlar ham tashlanmalar miqdorini kamaytirish majburiyatini olishi belgilab qo`yilgan. Kelishuvning asosiy maqsadi issiqxona gazlari tashlanmalarini sezilarli darajada kamaytirib, sayyoramizda global isishni industrial rivojlanish davridagi o`rtacha haroratga nisbatan Selsiy shkalasi bo`yicha 1,5-2 gradus chegarasida ushlab turishga erishishdan iborat. 2020 yildan boshlab ijroga kirgan Parij tarixiy shartnomasi dunyo sathida iqlim masalasi bo`yicha kelishilgan birinchi shartnomadir. 

O`zbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to`g`risida”gi yangi Qonuni, “O`rmon to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasining yangi taxrirdagi Qonunining qabul qilinishi, “O`zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha O`zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori va bir qator xukumat qarorlari ushbu xalqaro xujjat doirasida qabul qilingan majburiyatlar ijrosini ta`minlovchi xuquqiy asoslar bo`lib hisoblanadi.

Shuningdek, so`ngi 3-4 yil ichida Orol dengizining qurigan tubidagi 2 mln er maydonida o`rmonlashtirish ishlarining xamda “yashil xududlar” va “yashil belbog`”larning barpo etilishi Konvensiya ijrosining amaliy tadbirlaridir.

Bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan tegishli vazirlik va idoralar ishtirokida O`zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha iqlim o`zgarishi bo`yicha strategiyasi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur Strategiya asosida ishlab chiqiladigan “Yo`l xaritasi” mamlakatimizda iqlim o`zgarishlariga moslashish borasida manzilli chora-tadbirlarni maqsadli amalga oshirish imkonini beradi.

Parij kelishuvining ratifikasiya qilinishi O`zbekiston uchun qator manfaatli imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, energiya samaradorligi va energiya tejash bo`yicha Davlat dasturlarini amalga oshirishda iqlimiy moliyalashtirish resurslari (asosan grantlar)ni jalb qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, er-suv resurslarini boshqarishni yaxshilash, salbiy ekologik oqibatlar (Orol fojiasi, cho`llanish, qurg`oqchilik)ga qarshi kurashish kabilarda imkoniyat yaratadi.

Parij bitimida qatnashish investisiya resurslarini jalb qilish hamda xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlarning kreditlarini olish uchun indikator hisoblanadi. Mazkur bitimga muvofiq, Iqlim sohasidagi harakatlar kelajakdagi savdo kelishuvlari uchun shart bo`lishi mumkin. Fransiya hukumati Parij bitimiga a`zolikni Evropa Ittifoqi savdo kelishuvlaridagi muhim element sifatida qabul qilish taklifini bildirdi. Bu Evropa Ittifoqi Parij bitimini ratifikasiya qilmagan yoki uni amalga oshirmayotgan mamlakatlar bilan boshqa savdo-sotiq qilinmasligini anglatadi.

Shu jihatlarni, eng muhimi, xalqimiz manfaatlarini, ekologik xavfsizlikni ta`minlash maqsadi ustuvor ekanini inobatga olgan holda, Parij bitimini ratifikasiya qilish O`zbekiston Respublikasining umuminsoniy qadriyatlar, bitimda aks ettirilgan atrof-muhitni muhofaza qilish g`oyalariga sodiqligini ko`rsatadi. Ayni paytda bu Iqlim o`zgarishi to`g`risidagi doiraviy konvensiyaga a`zo davlatlar bilan xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar