Bugun yurtimiz bo`ylab 2021 ta masjidda 2 mln 576 ming kishi hayit namozini ado etishgan. Bu haqda AOKAda bo`lib o`tgan brifingda Din ishlari bo`yicha qo`mita raisining birinchi o`rinbosari Muzaffar Komilov Ramazon oyi yakunlari, Hayit bayramidagi xayrli tadbirlar bo`yicha bergan ma`lumotida aytib o`tgan.
Ma`lum qilinishicha, Toshkent shahrida 106 ta masjidda 497 ming hamyurtlarimiz namozda ishtirok etishgan. Xususan, “Hazrati Imom” majmuasiga 18 mingdan, “Shayx Zayniddin” masjidiga 30 mingdan ziyod hamda “Quddusi Sharif” masjidiga 20 mingga yaqin namozxon tashrif buyurgan.
Shuningdek, hayit munosabati bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga jami 13,4 mlrd. so`mga yaqin moddiy yordam ko`rsatildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan 8 mingga yaqin ehtiyojmand oilalarga 543 mln. so`m miqdorida moddiy yordam berildi va bu ishlar davom etmoqda.
Hozirgina olingan ma`lumotga ko`ra, 2021 yil Ramazon hayiti bo`yicha respublikadagi masjidlarning daromad ko`rsatkichlari umumiy 14 mlrd. 674 mln. 185 ming 400 so`mni tashkil etdi. Shundan, xayriya va ehsonlar 10 mlrd. 292 mln. 412 ming 900 so`m, zakot va fitr esa 4 mdrd. 381 mln. 772 ming 500 so`mdan iborat.
Ushbu mablag`lar albatta o`rnatilgan tartibda islom dini ko`rsatmalariga asosan o`z joyiga sarf etiladi, deyiladi xabarda.






