12 may kuni Namanganda sodir bo`lgan YTHda 2 fuqaro vafot etdi. Bu haqda Namangan viloyati IIB Axborot xizmati ma`lum qildi.
Xabarga ko`ra, soat 10:30 larda, Namangan viloyatidagi Cho`ja-Haqqulobod yo`lining 22 km.da, Norin tumani Bo`zo`lmas MFY hududida, 1978 yilda tug`ilgan fuqaro Neksiya rusumli avtomashinasini tegishli hujjatlari bilan boshqarib borayotib, harakat xavfsizligini ta`minlay olmay YTH sababchisiga aylangan.
Haydovchi qarama-qarshi yo`nalishga o`tib ketib, qarshisidan harakatlanib kelayotgan, Norin tumanida yashovchi, 1976 yilda tug`ilgan fuqaroni boshqaruvidagi Damas rusumli avtomashinasi bilan to`qnashib, so`ngra ushbu avtomashinani ortidan harakatlanib kelayotgan, Namangan tumanida yashovchi, 1997 yilda tug`ilgan fuqaro boshqaruvidagi UAZ rusumli avtomashinasi bilan to`qnashib ketgan.
Natijada, Neksiya rusumli avtomashinada bo`lgan yo`lovchilar, Norin tumanida yashagan, 1959 yilda tug`ilgan, Andijon viloyati Paxtobod tumanida yashagan, 1984 yilda tug`ilgan fuqarolar og`ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etganlar.
Shuningdek, Neksiya rusumli avtomashina haydovchisi bosh miya chayqalishi, o`ng ko`krak qovurg`a suyaklarini yopiq sinishi, o`ng oyoq boldir suyagini yopiq sinishi va yo`lovchilari, Namangan shahrida yashovchi, 1982 yilda tug`ilgan fuqaro bosh miya chayqalishi, ikkala oyoq son suyagini yopiq sinishi, Andijon viloyati Izboskan tumanida yashovchi, 1982 yilda tug`ilgan ayol bosh miya chayqalishi, ikkala ko`z sohasi gematomasi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilganlar.
Ushbu holat bo`yicha Norin tuman IIB huzuridagi TB tomonidan 2021 yil 12 may kuni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






