Mamlakatimiz tibbiyot muassasalarida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko`rsatish, tashxis qo`yish va davolash bo`yicha zamonaviy yuqori texnologiyali usullarni amaliyotda keng qo`llash borasidagi ijobiy o`zgarishlar Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyatida ham o`z aksini topmoqda.
E`tiborlisi, ayni paytda ushbu markazda 500 ga yaqin eng so`nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar mavjud bo`lib, ularning 150 ga yaqini oxirgi yillarda sotib olingan yuqori aniqlikda ishlovchi MRT, MSKT, mobil va stasionar raqamli rentgen, laboratoriya va diagnostika apparatlaridir.
Bundan tashqari, markaz reanimasiya, anesteziologiya, operblok zamonaviy mobil, sun`iy nafas, narkoz-nafas, rentgenoskopiya, jarrohlik stoli va lampalari, qon to`xtatuvchi va bronxoskopiya apparatlari bilan jihozlangan.
2019 yildan boshlab Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida telemedisina yo`nalishi ham rivojlanib bormoqda. Hozirgi kunda telemedisina tarmog`ini joriy etish bo`yicha barcha markaz filiallari bilan aloqa o`rnatilgan bo`lib, qolgan viloyatlarda ham uni yo`lga qo`yish bo`yicha ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, viloyatlararo travmatologiya va ortopediya sohasi bo`yicha bemorlarni masofaviy ko`rigi va mahorat maktablarini o`tkazish uchun zarur tizim yo`lga qo`yilgan.
Markazda barcha kompyuterlar yagona tarmoqqa ulangan va zarur hujjatlar ushbu tizim orqali raqamlashtirilgan. Shu bilan birga, tibbiyot muassasasida elektron tizim yo`lga qo`yilgan bo`lib, bu orqali bemorlar onlayn navbatga yozilish imkoniga ega.
Qolaversa, qabul elektron tizim yordamida interaktiv monitor orqali amalga oshirilib, bemorlar maxsus talon orqali tartiblashtiriladi.
Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.