Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyati boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda departament xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda viloyat qishloq xo`jaligi boshqarmasida yuqori lavozimda ishlovchi shaxs Chortoq tumanida istiqomat qiluvchi xususiy tadbirkorga bog`dorchilik bilan shug`ullanishi uchun Yangiqo`rg`on tumani hududidan 10 gektar er maydoni ajratilishi bo`yicha tuman hokimining qarorini chiqartirib berishni va`da qilib, o`zi faoliyat yurituvchi boshqarmaning ma`muriy binosi yonida 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, u ushbu pullarni Yangiqo`rg`on tumani hokimi o`rinbosariga berishi kerakligi ma`lum bo`lib, tezkor tadbir davom ettirildi va mazkur mansabdor shaxs ham Namangan shahrida 10 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.
Tuman hokimligi huzuridagi er uchastkalarini berish masalalarini ko`rib chiquvchi komissiya a`zosi sifatidagi vakolatlaridan foydalanishni rejalashtirgan ushbu yuqori lavozimli shaxs boshqa MChJga qarashli er maydonidan 10 gektarini ajratib berishni maqsad qilgan.






