Mudofaa vazirligi axborot xizmati rahbari Bahrom Zulfiqorov AOKAda bo`lib o`tgan brifingda harbiy OTMlarga qabul, muddatli xizmatga chaqiruv va sohaga oid boshqa dolzarb savollarga javob berdi. Unga ko`ra:
Harbiy OTMga tanlash tadbirlari ikki bosqichda o`tkaziladi. Birinchi bosqichda:
fuqaro yoshlar uchun — tuman (shahar) mudofaa ishlari bo`yicha bo`limlarda,
harbiy xizmatchilar uchun — o`z xizmat o`tash joyida 1 fevraldan 31 martga qadar amalga oshiriladi.
Ushbu bosqichda quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va o`tkaziladi:
- hujjatlarni to`plash va o`rganish;
- yakka tartibda suhbatlashish;
- birlamchi tibbiy ko`rikdan o`tkazish.
Ikkinchi bosqich fuqaro yoshlar va harbiy xizmatchilar uchun mudofaa ishlari bo`yicha boshqarmalarda 1 apreldan 31 mayga qadar amalga oshiriladi hamda ushbu bosqichda quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va o`tkaziladi:
- individual-psixologik o`rganish;
- umumjismoniy tayyorgarlik ko`rganligini baholash;
- yakuniy tibbiy ko`rikdan o`tkazish (harbiy okrug hududida joylashgan harbiy gospitallarda).
Dastlabki tanlash tadbirlaridan muvaffaqiyatli o`tgan nomzodlarni davlat test sinovlarini iyul-avgust oylarida bo`lgan muddatda respublikamizning barcha oliy ta`lim muassasalariga o`tkaziladigan test sinovlari bilan bir vaqtda Davlat test markazi tomonidan joylarda o`tkaziladi.






