AsosiyJinoyat

Toshkent viloyatida ayollarni Turkiyaga sotmoqchi bo`lgan "odam savdogarlari" qo`lga olindi

'Toshkent viloyatida ayollarni Turkiyaga sotmoqchi bo`lgan "odam savdogarlari" qo`lga olindi'ning rasmi

Toshkent viloyati IIBB Noqonuniy migrasiya va odam savdosiga qarshi kurashish bo`limi va Bo`ka tumani IIB tezkor xodimlari tomonidan navbatdagi odam savdosi bilan bog`liq holatga chek qo`yildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati ma`lum qildi.

Joriy yilning 13 may kuni o`tkazilgan tezkor tadbir davomida Bo`ka shahrida yashovchi er-xotin 1989 y.t. Zokir va 1995 y.t. Komila (to`rt nafar farzandi bor, ism shariflar o`zgartirilgan) ismli shaxslar oldindan jinoiy til biriktirib, Toshkent viloyatida yashovchi moddiy jihatdan qiynalgan ayollarga, xususan 1999 y.t. Madina va 1994 y.t. Muxlisalarga Turkiyada mo`may daromad to`lanadigan ish topib berishini, yordam sifatida yo`l xarajatlarini o`z hisobidan qoplab berishlarini va`da qiladilar.

Dastlabki surushtiruvlar davomida ularning maqsadi ayollarni Turkiya davlatiga fohishalik uchun yuborish ekanligi, Zokirning turmush o`rtog`i Komila 2021 yil aprel oyida eri bilan oldindan kelishgan holda Turkiya davlatiga jo`nab ketganligi va turmush o`rtog`i olib borishi kerak bo`lgan ayollarni kutib olishi rejalashtirilgani aniqlandi.

Zokir, ayollarni I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan "Toshkent-Istanbul" aviareysi orqali Turkiyaga olib ketayotgan vaqtida viloyat IIBB tezkor xodimlari tomonidan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan Bo`ka tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 135-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.

    Boshqa yangiliklar