AsosiyJinoyat

Toshkentda shar`iy nikohdagi rafiqasini o`qlov bilan kaltaklab o`ldirgan erkakka hukm o`qildi

'Toshkentda shar`iy nikohdagi rafiqasini o`qlov bilan kaltaklab o`ldirgan erkakka hukm o`qildi'ning rasmi

Sizga hikoya qilmoqchi bo`lgan voqeamiz qahramoni ilgari ham Jinoyat kodeksining bir qancha moddalariga asosan sudlanib, jazoga tortilgan bo`lsa-da, bundan tegishli xulosa chiqarmadi. Qaytaga qotillik jinoyatini sodir etib, bir insonning umriga zomin bo`ldi. Mudhish jinoyatning asosiy sababchisi esa spirtli ichimlik bo`ldi...

Hodisa joyidan yashirindi

Davron Boboev (ism-shariflar o`zgartirilgan) Toshkent shahar, Yashnobod tumanida yashovchi shar`iy nikohdagi turmush o`rtog`i Gulbahor Xurramovaning uyida birgalikda spirtli ichimlik iste`mol qilishadi. Mast holda kelib chiqqan kelishmovchilik oqibatida janjallashib, Gulbahor Xurramovani taxtadan yasalgan o`qlov bilan kaltaklaydi. Ayol etkazilgan og`ir tan jarohati tufayli voqea joyida vafot etadi. Davron Boboev esa hodisa joyidan yashirinadi.

“Telefonda notanish erkak bilan gaplashayotgan ekan...”

Sud majlisida sudlanuvchi Davron Boboev unga e`lon qilingan aybga to`liq iqrorligini bildirib, quyidagilarni bayon qildi:

­- Gulbahor Xurramova tanishib, gaplashib yurdik. Keyinchalik 2019 yilning 19 avgust kunidan boshlab, shar`iy nikoh asosida Yashnobod tumanidagi xonadonida birga yashay boshladik. U spirtli ichimlik iste`mol qilardi. Ertalab uyqudan uyg`ondik, Gulbahor nonushta tayyorladi, u bilan birgalikda spirtli ichimlik iste`mol qildik. Keyin men ro`zg`orga kerakli narsalarni olib kelish uchun bozorga ketdim. Kelganimda Gulbahor mehmonxonadagi divanda o`tirgancha telefonda notanish erkak bilan gaplashayotgan ekan. U mening qaytganimni ko`rmay, begona erkakka “Erim uyda yo`q, bozorga ketgan”, dedi. Bu gapni eshitib, jahlim chiqdi. Uning oldiga borib, telefonini berishni so`radim. U rad javobini bergach, telefonni tortib oldim. Gulbahor gaplashgan odamga qaytib qo`ng`iroq qilgandim, go`shakni ko`tarmadi. Bundan jahlim chiqib, telefonni divanga irg`itdim. Keyin Gulbahorning yuziga shapaloq tortdim. Urganimga xotinimning jahli chiqib, kurakda turmaydigan so`zlar bilan xaqoratladi. Bu paytda bizni Gulbahorning o`g`li kuzatib turgandi. Men undan chiqib ketishni so`radim. Xotinim o`ziga kelgach, oshxonaga chiqib, yog`ochdan yasalgan o`qlovni ko`tarib keldi. U meni o`qlov bilan urmoqchi bo`lganda chap berib, qo`lidan o`qlovni tortib oldim. Keyin shu o`qlov bilan uni to`rt-besh marotaba urdim. Gulbahor hushidan ketib qoldi. Derazadan qarab, o`g`lini chaqirdim, unga suv olib kelishni buyurdim. Olib kelgan suvini Gulbahorning yuziga sepib, o`ziga keltirdim. Keyin yana spirtli ichimlik iste`mol qilib, divanga cho`zildim. Biroz uxlaganimdan keyin Gulbahorning ko`zini ochmay yotganini ko`rib, o`ziga keltirmoqchi bo`ldim. Ammo bu paytda uning tanasi muzlab, tosh qotganini ko`rib,  vafot etganligini bildim. Hozirda qilgan ishimdan chin ko`ngildan pushaymonman. Xotinimni urib, tan jarohati etkazish, uni o`ldirish niyatim bo`lmagan. Agar o`ldirish niyatim bo`lganida pichoq bilan tan jarohati etkazishim mumkin edi. Shularni hisobga olib, menga engilroq jazo berishingizni so`rayman.

“U bizni etim qoldirdi...”

Sud majlisida jabrlanuvchining qonuniy vakili bo`lgan o`g`li Suhrob Xurramov quyidagilarni ma`lum qildi:

­- Gulbahor Xurramova onam bo`ladi. Ota-onam ajrashib ketishgan. Oilada uch farzandmiz. Opam turmushga chiqib ketgan.Ukam va singlim bor. Onam bizni yolg`iz voyaga etkazdi. U ilgari tadbirkorlik bilan shug`ullanardi, oxirgi paytlarda hech qaerda ishlamaydigan, spirtli ichimlikka ruju qo`ygan ayolga aylandi. 2019 yilning avgust oyidan boshlab, Davron Boboev biznikida yashay boshladi. Ular birgalikda muntazam ravishda spirtli ichimlik iste`mol qilishardi. O`sha kuni ertalab o`qishga ketayotganimda onam soppa-sog` edi. Qaytib kelganimda esa uyda ichki ishlar xodimlari yurganini ko`rdim. Davron Boboev onamning ma`rakalarida yordam bermadi. U bizni etim qoldirgani, onamni urib o`ldirgani uchun eng og`ir jazo tayinlashingizni so`rayman.

Hukm o`qildi

Sudlanuvchi Davron Boboev Jinoyat kodeksi 104-moddasi 3-qismining «b, d» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topildi.Unga Jinoyat kodeksi 104-moddasi 3-qismining «b, d» bandlari bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo qattiq tartibli koloniyalarda o`tattirilishi belgilandi.

Anvar Ikromov, jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi, 

Lola Shoimova, jurnalist

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar