Tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan sotilayotgan mahsulotlar (ish, xizmatlar) to`g`risida iste`molchilarga to`liq va to`g`ri ma`lumot taqdim etilayaptimi, iste`molchilarning shikoyatlariga qanchalik e`tibor qaratilayapti, to`lovlarni amalga oshirishning qanday yo`llari (to`lov tizimlari, Humo/Uzcard/VISA terminallari) mavjud? Ushbu va boshqa bir qator savollar reyting uchun zarur bo`lgan ma`lumotlarni olish imkonini beradigan anketaga kiritilgan.
Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining ma`lumot berishicha, mazkur reytingda chakana savdo ob`ektlari (do`konlar, savdo majmualari, avtosalonlar, zargarlik do`konlari va boshqalar) hamda umumiy ovqatlanish ob`ektlari (kafe, bistro, restoran va boshqalar) ishtirok etadi.
Ushbu reytingni ishlab chiqish O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi “2017 – 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to`g`risida” PF-6155-son Farmoniga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga yuklatilgan.
Ta`kidlanishicha, o`rganishlarni olib borishdan maqsad iste`molchilar huquqlarini himoya qilish, iste`molchilarning reyting ishtirokchisi faoliyatini qo`llab-quvvatlash darajasini aniqlash, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi hududida iste`molchilar huquqi ustuvorligi ta`minlaganlik darajasi to`g`risida ommabop ma`lumotlarni shakllantirishdan iborat.
xabarga ko`ra, iste`molchilar murojaatlarining tahlili, asosan yirik savdo majmualari faoliyatidan norozi bo`lgan shikoyatlar sonining ko`pligini ko`rsatmoqda.
Shunday qilib, 2020 yilda "Korzinka" supermarketlar tarmog`ining faoliyati yuzasidan dastlab 19 ta, 2021 yilning 4 oyida – 15 ta shikoyat tushgan. O`tgan yilda 12 ta va bu yilda tushgan 14 ta shikoyat "Makro" tarmog`iga tegishli bo`lsa, "HAVAS" tarmog`i bo`yicha esa o`tgan yilda 7 ta va joriy yilda esa 3 ta shikoyat qilingan. Tadbirkorlarning mas`uliyatini oshirish va iste`molchilarga xolis baho berish bo`yicha ishlarni davom ettirish uchun Agentlik iste`molchilar huquqlarining ustuvorligini ta`minlaydigan xo`jalik yurituvchi sub`ektlar reytingini joriy etmoqda.
Reyting birinchi navbatda tadbirkorlargna o`z faoliyatini takomillashtirish va qo`shimcha mijozlarni jalb qilishga yordam berishga qaratilgan. Shuningdek, reyting ma`lumotlari iste`molchilarga tovarlarni (ishlar, xizmatlar) sotib olishda to`g`ri tanlov qilishlariga imkon beradi.
IShTIROK ETISh UChUN NIMALAR TALAB QILINADI?
Ishtirok etish uchun birinchi bosqichda ishtirokchi tomonidan anketa-so`rovnoma to`ldiriladi. To`ldirilgan ma`lumotlar Agentlik tomonidan o`rganib chiqiladi va har bir band uchun tegishli ball beriladi. Keyingi bosqichda iste`molchilarga ishtirokchilarni baholash taklif etiladi, bu ochiq ovoz berish yo`li bilan amalga oshiriladi. Ikki bosqich natijalariga ko`ra to`plangan ballar jamlanadi va ishtirokchilarning reytingdagi o`rni aniqlanadi.
Reyting doimiy asosda shakllantiriladi va Agentlik rasmiy veb-saytida joylashtirilib boriladi (https://consumer.uz/).
Mazkur reyting o`z faoliyatida iste`molchilar huquqlarini ustuvor hisoblagan tadbirkorlik sub`ektlari ishini baholashning to`g`ri va sifatli yo`li bo`lib xizmat qiladi.






