Bu haqda AOKAda bo`lib o`tgan brifingda "O`ztransgaz" AJ bo`lim boshlig`i Muzaffar Mahmudov ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, 2021-2023 yillarda gaztransport tizimi samaradorligini oshirish bo`yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, 315 km magistral gaz quvuri qurish ko`zda tutilgan. Jumladan, “SAS-II” magistral gaz quvuri bo`ylab yangi, uzunligi 80 km, “Gazli-Kogon” magistral gaz quvurida uzunligi 140 kmga teng, shuningdek, “Yangier-Ohangaron” magistral gaz quvuri bo`ylab 95 km uzunlikdagi magistral gaz quvurlarini qurish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 189 km uzunlikdagi magistral gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta`mirlash ham rejalashtirilgan. Hozirda ayni yo`nalishdagi yirik loyihalardan biri, diametri 1020 mm bo`lgan “Buxoro-Ural” magistral gaz quvurining II tarmog`i 472-528 km uchastkasida ya`ni 56 km uzunlikdagi gaz quvurini rekonstruksiya qilish ishlari boshlab yuborilgan.
Quvurlarning 27 kilometri 142 ta maxsus vagonda Qoraqalpog`iston Respublikasi Qonliko`l tumani Oltinko`l temir yo`l stansiyasiga olib kelindi. Tez kunlarda yana 29 km quvurning manzilga etkazib berilishi kutilmoqda. Buxoro-Ural 1-, 2- tarmoq oralig`idagi transheyalarni qazish, quvurlarni montaj qilish uchun maxsus texnikalar yordamida er tekislash ishlari olib borildi.
Bundan tashqari, "Gazli-Nukus” magistral gaz quvurining 43 km, “Gazli-Kogon” magistral gaz quvurining 61 km, Jarqoq-Buxoro-Samarqand-Toshkent magistral gaz quvurining 29 km qismini kapital ta`mirlash rejalashtirilgan.






