AsosiyJinoyat

Namanganda firibgarlik yo`li bilan pul undirib yurgan ayollarga sud hukmi o`qildi

'Namanganda firibgarlik yo`li bilan pul undirib yurgan ayollarga sud hukmi o`qildi'ning rasmi

Namangan shahrida yashovchi Farida Abdieva (ism-shariflar o`zgartirilgan) o`zining jinoiy sherigi Dildora Karimova bilan oldindan jinoiy til biriktirib, 2019 yil noyabr oyi oxirlarida voyaga etmagan Munisa To`raevaga 2019 yil noyabr oyi boshida bozorda sotgan tilla taqinchoq soxta chiqib qolgani uchun Namangan shahar IIB surishtiruv boshlagani, bu ishni «yopish» uchun pul kerakligini aytib, agarda pul bermasa, uni qamatib yuborish bilan qo`rqitib, undan onasi Malika Sadirovaga tegishli bo`lgan narxi to`qqiz yuz ming so`mlik uzuk­ni tovlamachilik yo`li bilan qo`lga kiritgan. Shundan so`ng uzukni noma`lum shaxsga sotib, pulini shaxsiy manfaatlari uchun sarflashgan. Bu haqda jinoyat ishlari bo`yicha Namangan shahar sudi raisi xabar bermoqda.

Sud raisining xabar berishicha, ular shu tarzda Munisa To`ra­evadan umumiy narxi etti million so`mlik 3 dona uzuk va bir juft sirg`ani tovlamachilik yo`li bilan takroran qo`lga kiritishadi.

Nafsi hakalak otgan jinoiy sheriklar keyinchalik eski «ssenariy» asosida Munisa To`raevadan yana 200 AQSh dollari, o`n besh million etti yuz ming so`mlik til­la taqinchoqlarni olishga muvaffaq bo`lishadi.

Bu holatdan kechikib xabar topgan Malika Sadirova huquqni mu­hofaza qiluvchi idoraga ariza bilan murojaat qiladi. Shundan so`ng Farida Abdieva va Dildora Karimovaga nisbatan Ji­noyat­ kodeksning 165-moddasi 2-qis­mi «a» va «v» bandlari bilan­ ji­­­noyat ishi qo`zg`atiladi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Namangan shahar sudida tovlamachi ji­noyat­chilarga qonunda belgilangan tartibda jazo tayinlandi. Bundan tashqari sudlanuvchilardan 20 million 669 ming so`mlik zararni M. Sadirova foydasiga undirish belgilandi.

Xulosa o`rinda ta`kidlash lozimki, hayotda yo`l qo`yilgan xatolar o`z vaqtida tuzatilmasa, og`ir oqibatlarga olib keladi. Bayon etilgan jinoyat ishi tafsilotlari buning yaqqol dalilidir. Zero, Munisa To`raeva ro`y bergan holatni ota-onasiga o`z vaqtida ma`lum qilganida tovlamachilar nog`orasiga o`ynamagan va oilasi ham moddiy zarar ko`rmagan bo`lar edi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar