"Rossiya temir yo`llari" OAJ boshqaruvi raisi – bosh direktori Oleg Belozerov boshchiligidagi Rossiya delegasiyasining O`zbekistonga tashrifi doirasida ikki davlat o`ratasidagi transport va logistika hamkorligi masalalari hamda transport infratuzilmasini qurish bo`yicha yirik loyihalarni birgalikda amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi xabar qildi.
Xususan, epidemiologik vaziyat yaxshilanishi bilan O`zbekiston va Rossiya o`rtasida muntazam yo`lovchi temir yo`l qatnovini bosqichma-bosqich qayta tiklashga birgalikda tayyorgarlik ko`rish borasida ham kelishuvga erishildi.
Shuningdek, uchrashuvda Rossiya hududida temiryo`l infratuzilmasi ob`ektlarini qurish uchun O`zbekistondan malakali kadrlarni jalb etish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Shu munosabat bilan, «Rossiya temir yo`llari» OAJ va O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o`rtasida Rossiya Federasiyasi hududida temir yo`l infratuzilmasi ob`ektlarini qurish uchun O`zbekistonning malakali mehnat resurslarini jalb qilishni tashkil etishga ko`maklashish to`g`risida Memorandum imzolandi.






