O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimidagi vazirlik va idoralarning buyurtmasiga muvofiq Mudofaa sanoati kompleksi korxonalarida loyihalashtirilgan va ishlab chiqarilgan, zamonaviy talablarga javob beradigan "TARLON" engil zirhlangan avtomobili kuch tuzilmalari vazirlik va idoralarining bir guruh mutaxassislari tomonidan qo`shinlar sinovidan o`tkazilmoqda.
Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati bo`yicha davlat qo`mitasi axborot xizmati ma`lum qildi.
Ushbu tadbirlarning dastlabki bosqichida "TARLON"ning ballistik himoyasi belgilangan standartlar asosida tekshiriladi, yurish va turli to`siqlardan o`tish qobiliyati respublikamiznining tog`-adir va kesishgan zonalarida sinovdan o`tkaziladi.
Mazkur yo`ltanlamas Mudofaa sanoati kompleksi korxonalarida loyihalashtirilgan va ishlab chiqarilgan bo`lib, barcha g`ildiraklari etakchi hisoblanadi. 300 ot kuchiga ega, 11 nafargacha kishini sig`diradi. Bir martalik zaxira yoqilg`i bilan 750 km gacha masofani bosib o`ta oladi.
Mashina kolonnalar, sanitar tashishlarni qo`riqlash va ularga hamrohlik qilish, muhandislik, radiasion, kimyoviy va biologik razvedka olib borish, o`t ochishni qo`llab-quvvatlashga mo`ljallangan.
Sinov jarayonlari davom etmoqda.






