AsosiyJamiyat

Prezident Islom Karimov O`zbekiston xotin-qizlariga bayram tabrigini yo`lladi

Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar, dilbar qizlarim! 

Ona tabiat chiroy ochib, atrof-muhit yashil libosga burkanib, bahor nashidasi tobora kuchayib borayotgan ayni shu fusunkor ayyomda siz, azizlarimni, sizlarning timsolingizda butun O`zbekiston xotin-qizlarini 8 mart bayrami bilan chin qalbimdan tabriklashni o`zim uchun katta baxt deb hisoblayman. 

Mana shu bayram kunlarida biz – yurtimizning keksayu yosh barcha-barcha erkak zoti, mard o`g`lonlari haqiqatan ham Yaratganning mo``jizasi bo`lmish ayol siymosi oldida, avvalambor, mehribon onalarimiz oldida bosh egib, ta`zim bajo keltiramiz. 

Munis opa-singillarimiz, vafodor umr yo`ldoshlarimiz, dunyodagi eng chiroyli, latofatli qizlarimizni tabriklab, ularning sha`niga samimiy va ezgu tilaklarimizni, chuqur hurmatimizni izhor etamiz, jajji qizaloq nabiralarimizni bag`rimizga bosib, chin yurakdan qutlaymiz. 

Shu kunlarda hammamizning tilimizda, dilimizda bo`lgan bir fikrni hech ikkilanmasdan aytishni zarur deb bilaman. 

Bu dunyoda shirin va ahil, baxtli hayot uchun poydevor yaratib, insonni inson, oilani mustahkam oila qiladigan, biz uchun sevgi-muhabbat, vafo va sadoqat timsoli bo`lib kelayotgan siz, go`zal va betakror, qadrdon ayollarimiz, desak, ayni haqiqatni aytgan bo`lamiz. 

Chindan ham, o`zining beqiyos mehri va fidoyiligi, sabr-qanoati va chidamliligi bilan xonadonlarimizda, butun jamiyatimizda tinchlik-xotirjamlik, totuvlik va hamjihatlik muhitini saqlab, hayotimizga fayzu tarovat bag`ishlaydigan, tunlari bedor bo`lib, bolalarimizni barkamol insonlar, Vatanimizning mard va jasur himoyachilari etib voyaga etkazadigan kim? 

Mehribon va oqila ayollarimiz emasmi? 

Umr yo`llarimizda qanday og`ir sinov va mashaqqatlar duch kelmasin, ularni engib o`tishda ruhimizni ko`tarib, kuchimizga – kuch, g`ayratimizga – g`ayrat qo`shadigan insonlar ham, hech shubhasiz, dunyodagi eng mo``tabar zotlar, qalbi daryo ayollarimizdir. 

Shu ma`noda, Alisher Navoiy bobomizning “Ayollar – farishtalarning opa-singillaridir” degan hikmatli so`zlarida qanday chuqur ma`no borligini, o`ylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz. 

Hurmatli yurtdoshlar! 

Biz o`z oldimizga qo`ygan oliy maqsadimizga erishish yo`lida, ya`ni jahondagi eng taraqqiy topgan, demokratik va erkin davlatlar qatoriga kirish, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish, xalqaro maydonda mamlakatimizning obro`-e`tiborini yuksaltirishda, muxtasar qilib aytganda, bugun O`zbekistonimiz qo`lga kiritayotgan ulkan marralarda – bu qaysi soha, qaysi kasb-hunar bo`lmasin, ularning barchasida ayollarimizning munosib, buyuk hissasi borligini minnatdorlik bilan ta`kidlaymiz. 

Bu haqda gapirganda, xotin-qizlarimizning nafaqat kundalik turmushda, balki davlat miqyosidagi eng muhim masalalarni hal qilishda o`rni va roli tobora ortib borayotganini alohida qayd etishni zarur deb bilaman. 

Bugungi kunda yuzlab deputat ayollarimiz Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarda xalq vakillari bo`lib faoliyat ko`rsatayotgani, davlat va jamiyat boshqaruvida, siyosiy va ijtimoiy hayotimizda, fuqarolik institutlari va nodavlat tuzilmalarda qanchadan-qancha opa-singillarimiz el-yurt manfaati uchun jonbozlik bilan xizmat qilayotganini hurmat bilan e`tirof etamiz. 

Biz uchun ustuvor ahamiyatga ega bo`lgan ta`lim-tarbiya, madaniyat va ilm-fan sohalarida mehnat qilayotgan xodimlarning 73 foizini, sog`liqni saqlash tizimida 75 foizini, ishlab chiqarish tarmoqlarida 42 foizini, qishloq xo`jaligida 43 foizini aynan ayollar tashkil etayotgani ularning haqiqatan ham biror-bir sohada hech kimdan qolishmasligini ko`rsatadi. 

Hozirgi vaqtda mamlakatimizdagi kichik biznes sub`ektlarining 120 mingdan ziyodini, fermer xo`jaliklarining 4 ming 550 dan ortig`ini xotin-qizlar samarali boshqarib, barchaga o`rnak va namuna bo`lib kelmoqda. 

Men joylarda bo`lib, mana shunday o`zining qadr-qimmatini, hayotning pastu balandini yaxshi biladigan, kelajakka katta ishonch bilan qarab, sidqidildan mehnat qilayotgan opa-singillarimiz bilan uchrashib, suhbat qurganda, ochig`ini aytishim kerak, o`zim uchun katta taassurot, ma`naviy-ruhiy quvvat olaman.

Jamiyatimiz taraqqiyotini bugungi yuksak bosqichga ko`tarishda dunyoda o`xshashi kam bo`lgan noyob tuzilma – mahalla faollarining, xususan, diniy ma`rifat va ma`naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo`yicha maslahatchi bo`lib ishlayotgan, ko`pni ko`rgan, jonkuyar opa-singillarimizning beqiyos hissasi borligi barchamizni albatta quvontiradi. Elu yurtimiz o`rtasida sog`lom muhitni mustahkamlash, xonadonlarda turli ginayu arazlarning oldini olish, yosh oilalarni qo`llab-quvvatlash borasida o`zini ayamasdan mehnat qilayotgan ana shunday ming-minglab ayollarimizga o`z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy tashakkur izhor etishni o`zimning burchim, deb bilaman. 

Aziz opa-singillar! 

Biz Vatanimiz mustaqilligining birinchi kunlaridan boshlab yurtimizda oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta`minlash, ularning jamiyatdagi o`rni va nufuzini oshirish kabi muhim vazifalarni davlat siyosati darajasiga ko`targanimiz va bu sohada amalga oshirayotgan ishlarimiz bugungi kunda jahon miqyosida havas bilan tan olinmoqda. 

Bu haqda ko`p gapirmasdan, birgina 2015 yilning o`zida tadbirkor ayollar uchun ajratilgan kreditlar 1 trillion 255 milliard so`mni yoki 2014 yilga nisbatan 130 foizni tashkil etganini aytish kifoya, deb o`ylayman. 

Hech shubhasiz, bunday ko`mak va yordam xotin-qizlarning qobiliyati va salohiyatini ro`yobga chiqarish, ularning jamiyatimiz hayotidagi munosib ishtirokini ta`minlashda muhim amaliy qadam bo`lmoqda. 

O`tgan yili kasb-hunar kollejlarini bitirgan 230 mingdan ko`proq qiz bolalar ishga joylashtirilgani, tadbirkorlik sohasida o`z ishini boshlayotgan 6 mingdan ortiq yosh qizlarga 51 milliard so`mdan ziyod kreditlar ajratilgani ham opa-singillarimizning hayotiy manfaatlarini ta`minlash borasidagi salmoqli ishlarimiz qatoriga kiradi. 

Shu bilan birga, keyingi ikki yilda 2 ming 80 ta xonadonga mo`ljallangan 57 ta ko`p qavatli “Kamolot” uylari barpo etilib, yosh oilalarga berilgani, minglab yoshlarimiz uchun imtiyozli ipoteka va iste`mol kreditlari ajratilgani va bunday tadbirlar izchil davom ettirilayotganini qayd etish o`rinlidir. 

Shular haqida so`z yuritar ekanmiz, 2015 yilda 1 ming 668 nafar sportchimiz, jumladan, 567 nafar qizimiz xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, 983 ta medalga erishgani, iqtidorli farzandlarimiz nufuzli xalqaro tanlovlarda 137 ta sovrinli o`rinni, jumladan, 76 ta gran-prini qo`lga kiritganini yurtimizda sog`lom va barkamol avlodni shakllantirishga qaratilgan keng ko`lamli ishlarimizning amaliy natijasi sifatida qabul qilamiz. 

Ayni vaqtda xotin-qizlarimiz uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ularning og`irini engil qilish, o`z bilim va professional malakasini amalda namoyon etishi uchun keng yo`l ochib berish bo`yicha hali ko`p ish qilishimiz kerak. 

Ayniqsa, jondan aziz farzandlarimizni dunyoda hech kimdan kam bo`lmaydigan insonlar qilib kamol toptirish, avvalo, qiz bolaning taqdiri haqida g`amxo`rlik qilish, uni bamisoli jamiyatimizning gulidek tarbiyalab, voyaga etkazish, bo`lajak oilaning baxtli bekasi sifatida ko`rish vazifasi, yana va yana bir bor aytaman, barchamizning eng oliy maqsadimiz bo`lishi darkor. 

Nega deganda, buning negizida xalqimiz, millatimizning hayoti, kelajagi bilan bog`liq oddiy va shu bilan birga, o`ta mas`uliyatli haqiqat mujassam bo`lib, uni hech qachon unutmasligimizni istardim. Ya`ni, qizlarimiz timsolida biz avvalambor bo`lg`usi onalarni, ham jismoniy, ham ma`naviy sog`lom avlodni o`zimizga tasavvur qilamiz, naslimiz davomchilarini ko`ramiz. Hech shubhasiz, qiz bola sog`lom, bilimli, zamonaviy kasb-hunar egasi bo`lsa, u quradigan oila ham, bu oilaning mevasi bo`lmish bola ham sog`lom va baxtli bo`ladi. Oila sog`lom va baxtli bo`lsa, butun jamiyat barqaror va farovon bo`ladi. 

Hammamiz yaxshi tushunamizki, mamlakatimizda 2016 yilning Sog`lom ona va bola yili deb e`lon qilinishi avvalo ana shunday ezgu maqsadga xizmat qiladi. Ushbu dastur doirasida jami 7 trillion 483 milliard 300 million so`m va 194 million 400 ming dollar hajmidagi ishlarni amalga oshirish belgilanganining o`zi, o`ylaymanki, uning miqyosi va ko`lami qanday ulkan ekanidan dalolat beradi.

Dasturda belgilangan, kundalik hayotimizda eng muhim e`tibor qaratish zarur bo`lgan yo`nalishlar haqida gapirganda, birinchi navbatda, tibbiyot maskanlari, oilaviy poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, akusher-ginekologlar, bolalar shifokorlarining malakasini yuksaltirish, ona va bolaning sog`lig`idan muntazam xabar olib, ularga tegishli yordam ko`rsatadigan patronaj hamshiralar sonini ko`paytirish kabi o`ta dolzarb masalalar bundan buyon ham diqqatimiz markazida bo`ladi.

Yurtimizda hukm surayotgan o`zaro hurmat, mehr-oqibat va ahillikni yanada mustahkamlash, yoshlarimizning ongi va qalbini bizga mutlaqo yot bo`lgan zararli oqim va ta`sirlardan, “ommaviy madaniyat” xurujlaridan saqlash, oilalarda, mahallalarda olib borayotgan tarbiyaviy ishlarimizni yangi bosqichga ko`tarishni bugun tobora keskinlashib, murakkablashib borayotgan hayotning o`zi barchamizdan talab etmoqda. 

Ana shunday o`tkir masalalarni echishda men siz, muhtarama ayollarimizga, sizlarning aql-zakovatingiz, olijanob fazilatlaringizga tayanishimni, sizlarni o`zimning eng yaqin maslahatchilarim va safdoshlarim, deb bilishimni fursatdan foydalanib bugun yana bir bor ta`kidlab aytmoqchiman. 

Aziz va qadrli opa-singillarim! 

Bamisoli bahor elchisi bo`lib kelayotgan, o`zingizdek go`zal va dilbar mana shu qutlug` ayyomda barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. 

Umringiz uzoq, iqbolingiz ziyoda bo`lsin!
Barcha ezgu orzu-niyatlaringiz amalga oshsin! 
Doimo oilangiz va farzandlaringiz, elu yurtimiz ardog`ida bo`ling, azizlarim, mehribonlarim!

    Boshqa yangiliklar