AsosiySalomatlik

«ASTMANING DAVOSI BORMI?»

— Yigirma yildan buyon astma bilan og`riyman. Qilmagan muolajam qolmadi hisob. Kasallik xurujlaridan qanday himoyalanish mumkin? Bu dardning davosi bormi o`zi?

Anvar, Toshkent shahri, Sergeli tumani

Savolga tibbiyot fanlari nomzodi, shifokor – allergolog Feruza KARIMOVA javob beradi: 

–  Bronxial astma – nafas siqilishi, xushtaksimon tarzda xirildoq nafas olish, yo`tal va nafas yo`llarining balg`am bilan to`lishi kabilar bilan xarakterlanadi. Kasallik mavsum o`zgarishlarida avj olishi mumkin. Xususan, allergenlar ta`siri faollashgan bahor va kuz oylarida astma xurujlari ko`payadi. Nafas siqishi kuzatilganida diafragma sohasida kuchli og`riq paydo bo`ladi. Xuruj yo`tal tutishi bilan birgalikda kelib, bronxlar ichki yuzasini qoplab turgan balg`am chiqarib tashlangach, bemor ahvoli engillashishi mumkin. Kasallik xurujida o`pka alveolalarida gazlar almashinuvi keskin susayadi. Bu esa organizmning kuchsizlanishi, nutq muammolari va taxikardiyani keltirib chiqaradi. 

Ayrim bemorlarda astma xuruji jismoniy zo`riqishdan so`ng kuchaysa, ba`zilar sovuq havodan nafas olganida ham og`irlashib qoladi. Bu organizmning individual xususiyatiga bog`liq. Astma aniqlanganida kasallik pog`onasiga ko`ra turli dori vositalari va fiziomuolaja (nafas yo`llari gimnastikasi, mashqlar, suzish va boshqa chiniqtiruvchi usullar) lar buyuriladi. Davolovchi shifokoringiz buyurgan muolaja va davo choralarini kanda qilmasangiz xurujlarning oldini olishga erishish mumkin.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar