Ijtimoiy tarmoqlarda, Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a`zosi Sevara Ubaydullaevaga tayanib, O`zbekistonda emlangan fuqarolarga niqob taqmaslikka ruxsat berilishi to`g`risida ma`lumotlar tarqatilmoqda.
Aslida, Ubaydullaeva ayrim davlatlarda aholining 60-70% koronavirusga qarshi to`liq emlanganidan keyingina vaksina qabul qilganlar niqobsiz yurishi va ijtimoiy masofani saqlamasligi mumkin bo`lgani haqida aytgan edi.
— Vaksinasiya jarayonlariga aholining 60-70 foizi qamrab olinishi ta`minlansa, ommaviy immunitet hosil qilinishi to`g`risida ko`p bora ta`kidlaymiz. Ommaviy immunitetning hosil qilinishi koronavirus infeksiyasini nazorat qilish va engib chiqishda erishilgan katta yutuqdir.
Vaksinasiyaning to`liq bosqichlarini olgan inson organizmida koronavirus infeksiyasidan himoya qiluvchi immun hujayralari ishlab chiqiladi. Mazkur hujayralar qancha muddat himoya qilishi borasida to`liq ma`lumot bo`lmasa-da, bu hujayralar titri yuqori bo`lgan davrda insonga koronavirus infeksiyasi yuqmaydi.
Albatta, bunday holatda vaksinasiya to`liq bosqichlarini olgan va immunitet hujayralari mavjud insonlargina niqobsiz yurishi va ijtimoiy masofani saqlamasligi mumkin.
Ba`zi davlatlarda vaksinasiya olganlarga niqobsiz yurish va ijtimoiy masofani saqlamaslikka ruxsat berilishi, shu davlatlar aholisi orasida emlanganlar salmog`i 50 foiz va undan ham ko`proq bo`lganligi hamda aholi orasida ommaviy immunitet hosil qilinishiga asos mavjudligi bois bo`lishi mumkin. Lekin bunday davlatlar juda ham sanoqli.
Shuni unutmaslik kerakki, o`tayotgan pandemiya davri tibbiy niqoblar va o`zaro masofa saqlashning samarasini isbotlab berdi, degan edi mutaxassis.