Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmatining xabariga ko`ra, joriy yil 13 fevral kuni Vobkent tumani Hajuvon mahallasida yashovchi, fuqaro A.I. (ayol) o`zining uyali aloqa vositasi orqali “Telegram” ijtimoiy tarmog`idagi “Ziyodashop” onlayn savdo kanaliga a`zo bo`ladi.
Natijada o`zini mazkur kanal admini deb tanishtirgan noma`lum shaxs, savdo kanali tomonidan unga 500 ming so`m miqdoridagi pul yutug`i sertifikatini yutib olganligini aytib, ayolning ishonuvchanligidan foydalanib aldaydi. Mazkur pul yutug`ini plastik karta hisob raqamiga o`tkazib berishini va`da qilib, undan o`zi va qudasining plastik karta raqamlarini, maxfiy kodlarini aldov yo`li bilan olishga erishadi. Jabrlanuvchining plastik kartasidan 644 ming so`m, qudasining plastik kartasidan esa 544 ming so`m pullarni echib oladi.
Holat bo`yicha Vobkent tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan noma`lum shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
Xuddi shunday holat joriy yilning 4 mart kuni noma`lum shaxs, Kogon tumani Choloqi mahallasida yashovchi, 1990 yilda tug`ilgan fuqaro M.Sh.(ayol)ning soddaligidan foydalanib, telegram ijtimoiy tarmog`idagi “Azizbek Normatovich” nomiga ochilgan akkaunt orqali, “Siz, “Omad shou” guruhida kunning omadli insoni bo`ldingiz va 350 ming so`m pullarni qo`lga kiritdingiz, tabriklaymiz, “Click” yoki “Humo” elektron pul o`tkazish tizimiga ulangan telefon raqam va plastik karta raqamini yuborsangiz yutuq pullaringizni tashlab beramiz” – degan SMS xabar yuborish orqali uni aldaydi. Uning onasi fuqaro T.Sh. nomiga rasmiylashtirilgan plastik karta maxsus kodlarini qo`lga kiritib, kartada mavjud jami 228 ming 880 so`m pullarni echib oladi.
Mazkur holat yuzasidan noma`lum shaxsga nisbatan Kogon tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va ushbu tumanlar Ichki ishlar bo`limi xodimlari tomonidan olib borilgan dastlabki tergov hamda tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatlarda umumiylik, sodir etilish usullaridagi bir xillik ko`zga tashlangach, hamkorlikdagi keng qamrovli tezkor surishtiruv harakatlari o`tkazilgan.
Ushbu jinoyat ishlarining umumiy tomonlari, sodir etish usul va uslublari solishtirilib, olib borilgan tergov, tezkor surishtiruv harakatlari davomida mazkur ikkala jinoyatni ham Jizzax viloyati, Paxtakor tumani Toshkent mahallasida yashovchi, 1999 yilda tug`ilgan fuqaro H.S. va Jizzax viloyati Paxtakor tumani Do`stlik mahallasida yashovchi, 2000 yilda tug`ilgan fuqaro S.K. oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo`lib sodir qilganliklari aniqlanadi va ashyoviy dalillar bilan qo`lga olinadi.
Hozirgi kunda ushbu ijtimoiy tarmoq firibgarlarining boshqa shaxslarga nisbatan sodir qilgan jinoiy xatti-harakatlarini aniqlash borasida dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.






