Ijtimoiy tarmoqlarda Sergeli tumanida bir nechta xonadonlar yongani haqida xabar tarqaldi. Ushbu holat bo`yicha FVV rasmiy ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 20 may tongi soat 7:35 da Sergeli tumani “Pastdarxon” MFY Navro`z 6-tor ko`chasida joylashgan xonadonlarning birida yong`in bo`layotganligi yuzasidan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tezkor-qutqaruv guruhiga xabar kelib tushgan. Yong`in bo`yicha birlamchi ma`lumot Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati tomonidan internet tarmoqlarida tezkorlik (bu vaqtda yong`in faqat bir uyda bo`layotgan edi) bilan yoritilgan.
Yong`in joyiga birinchi bo`linma soat 7-45da, ya`ni 10 daqiqada etib borgan, qolgan yong`in-qutqaruv bo`linmalari soat 07-47dan soat 08-24 ga qadar, jami 5 ta bo`linma yong`in joyiga etib borgan.
Yong`in sodir bo`lgan xonadon qo`shni xonadonlarga zich qilib qurilganligi, yong`inga qarshi devorlar bo`lmaganligi, shu bilan birga, shamol tezligi yuqori bo`lib turganligi sababli yong`in boshqa xonadonlarga ham tezlik bilan tarqalib, natijada 3 ta xonadonga tegishli 200 m2 maydonda yong`in yuzaga kelgan.
Yong`in-qutqaruv bo`linmalari tonggi vaqtda poytaxt ko`chalarida mavjud bo`lgan tirbandliklarga duch kelganligi, Pasdarxon MFY, Navro`z 6-tor ko`chasidagi er osti gidrantining suv bosimi past bo`lganligi kabi holatlar yong`inni tezlik bilan bartaraf etishga salbiy ta`sir ko`rsatgan.
Yonig`in-qutqaruv bo`linmalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, yong`indan jabrlangan va halok bo`lganlar qayd etilmagan.
Hozirda yong`in sabablari va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.






